Valyuta kurslari 06/10/2025
$1 – 12060.48
UZS – -0,32%
€1 – 14156.59
UZS – -0,47%
₽1 – 146.97
UZS – -1,3%
Qidirish
Isteʼmolchilarga sakkiz oy ichida 906 milliard so‘mdan ortiq keshbek qaytarildi

Isteʼmolchilarga sakkiz oy ichida 906 milliard so‘mdan ortiq keshbek qaytarildi

Isteʼmolchilarga sakkiz oy ichida 906 milliard so‘mdan ortiq keshbek qaytarildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Isteʼmolchilar uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida joriy qilingan keshbek tizimi nafaqat aholining chek talab qilish madaniyatini oshirish bilan bir qatorda xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda muhim instrumentlardan biri bo‘lmoqda.

Joriy yilning yanvar - avgust oylarida jami 976,1 mingta xarid cheki bo‘yicha aholiga 906,6 mlrd so‘m miqdorida keshbek qaytarib berildi. Birgina avgust oyida (26-sentabr holatiga) isteʼmolchilarga 121,8 mln chek uchun 99,8 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘langan.

Soliq qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, avgust oyida eng katta keshbek to‘lovlari Toshkent shahrida — 41,8 milliard so‘m, Toshkent viloyatida — 8,2 milliard, Farg‘ona viloyatida — 7,1 milliard, Samarqand viloyatida — 6,9 milliard va Namangan viloyatida — 5,2 milliard so‘mni tashkil etgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, agar tadbirkor soliq hisobotini taqdim etmagan yoki bir million so‘mdan ortiq qarzi mavjud bo‘lsa, yoki xaridor shubhali shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, shuningdek, chek maʼlumotlari noto‘g‘ri kiritilgan yoki soliq organlarining axborot tizimiga kelib tushmagan hollarda keshbek hisoblanmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 255-sonli qaroriga asosan, avgust oyida 35 million chek bo‘yicha jami 38 milliard so‘mdan ziyod keshbek to‘lash rad etilgan.

Xarid qiymatining 1 foizi miqdoridagi keshbek onlayn-chek Soliq mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan oydan keyingi oyning 25 sanasidan keyin to‘lab beriladi. Tadbirkorlarning soliq hisobotlari va qarzdorlik holati haqidagi maʼlumotlar real vaqt rejimida yangilanib boradi, shundan so‘ng keshbek hisoblanishi tasdiqlanadi. To‘lov holatini Soliq mobil ilovasi orqali tekshirish mumkin.

Keshbek qaytarish uchun oylik limit belgilangan.

Isteʼmolchilar 60 baravar hisob-kitob bazaviy qiymatiga teng (24,72 mln so‘m) xaridlar uchun 247 200 so‘mgacha keshbek olishlari mumkin.

Yagona ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar esa yuqori miqdordagi keshbek olish huquqiga ega — 4,12 million so‘mgacha bo‘lgan xaridlar uchun 441 428 so‘mgacha.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling