Istanbuldan Toshkentga odam savdosida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi ekstraditsiya qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlari kuzatuvida, Interpol kanallari orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz tomonidan odam savdosi uchun qidirilayotgan va uzoq vaqt davomida Turkiya hududida yashirinib yurgan Oʻzbekiston fuqarosi (ayol Istanbuldan Toshkentga ekstraditsiya qilindi.
Jinoyatchi ayol sotish va ekspluatatsiya maqsadida qizlarga yuqori maosh vaʼda berib, ularni Turkiyaga olib borgan. U yerda qizlarning pasportlarini tortib olib, ularni fohishalik bilan shugʻullanishga majburlagan.
Interpolning Toshkent va Anqara Milliy markaziy byurolari oʻrtasida olib borilgan hamkorlikdagi saʼy-harakatlar va tezkor-axborot kuzatuvi natijasida jinoyatchining qayerdaligi aniqlandi va u qamoqqa olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining iltimosnomasi Turkiya vakolatli organlari tomonidan qanoatlantirilganidan soʻng, qidiruvdagi shaxs topildi va Interpol Milliy Markaziy Byurosi xodimlari kuzatuvida keyingi tergov harakatlarini oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga olib kelindi.
Ikki davlatning Interpol milliy markaziy byurolari oʻrtasidagi hamjihatlik va tezkor hamkorliklari tufayli muvaffaqiyatli qoʻshma faoliyatning ibratli namunasi yuzaga keldi.