Istanbulda vatandoshimiz ishi yuzasidan sud qarori: fuqaromiz ozod qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 16-oktabr kuni Istanbul shahrining Bakirköy tumanida joylashgan og‘ir jinoyatlar bo‘yicha 17-sud binosida asli Samarqand vloyatidan bo’lgan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosining ishi yuzasidan navbatdagi (uchinchi) sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sud jarayonida Bosh konsulxona diplomatlari ham ishtirok etdilar.
Mazkur ish doirasida fuqaromizga nisbatan noqonuniy narkotik moddalarni olib kirish va ularning aylanmasi bilan bog‘liq ayblovlar ko‘rib chiqildi. Tergov materiallariga ko‘ra, jami 6 nafar shaxs hamda qidiruvda bo‘lgan yana bir necha kishi Yevropa davlatlaridan Turkiya hududiga 30 kg kokain va 800 kg psixotrop moddalarni yuk avtomashinasi orqali olib kirishda ayblangan.
Vatandoshimiz 2023–2024 yillarda ushbu yuk mashinasi turar joyiga yaqin joyda joylashgan yog‘och quti ishlab chiqarish ustaxonasida ishlagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar operatsiya o‘tkazgan paytda u mazkur hududda bo‘lganligi sababli qo‘lga olingan va gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingan.
Sud majlisi yakuniga ko‘ra, sudya ish materiallarini ko‘rib chiqib, qamoqda saqlash chorasi bekor qilinishi va vatandoshimizni ozod qilish haqida qaror qabul qildi.