Isroil va AQSH Eronga zarbalar berib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirdi
Isroil va AQSH Eronga zarbalar berib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni keskinlashtirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Isroil va AQSH Erondagi harbiy obyektlarga zarbalar berdi, bu esa Yaqin Sharqda keskin taranglik kuchayishiga va tomonlar o‘rtasida o‘zaro zarbalar almashinuviga olib keldi.
Isroil Mudofaa kuchlari matbuot xizmati maʼlum qilishicha, shanba kuni Isroil AQSH Qurolli kuchlari bilan birgalikda Eronga qarshi keng ko‘lamli operatsiyani boshlagan.
Isroil tomonining taʼkidlashicha, zarbalar «keng qamrovli, muvofiqlashtirilgan va qo‘shma operatsiya» doirasida o‘nlab harbiy nishonlarga berilgan bo‘lib, ular Isroil Davlatining xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Tehronda bu harakatlar tajovuz sifatida baholandi. Eron Tashqi ishlar vazirligi rasman AQSH va Isroilni xalqaro huquqni buzganlikda ayblab, zarbalar Tehron va Vashington o‘rtasida diplomatik jarayon davom etayotgan bir paytda mamlakatning fuqarolik va harbiy infratuzilmasiga berilganini maʼlum qildi.
Bayonotda AQSH va Isroilning harakatlari Eronning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilayotgani taʼkidlangan.
Eron Qurolli kuchlarining bir qismi hisoblangan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi javob harakatlari boshlanganini tasdiqladi.
IIQK xabarida Isroil tomonga, Islom Respublikasiga qarshi amalga oshirilgan tajovuzga javob tariqasida, raketali zarbalarning birinchi to‘lqini va uchuvchisiz uchish apparatlari uchirilgani aytilgan.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari ham Tehron Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahraynda joylashgan to‘rtta AQSH harbiy bazasiga zarbalar berganini xabar qildi. Shuningdek, Iordaniyadagi Amerika bazalari ham nishonga olingani aytilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp ham keskin bayonot bilan chiqdi.
U video murojaatida Qo‘shma Shtatlar Eronning raketa sanoatini, harbiy-dengiz kuchlarini yo‘q qilish va Tehronga sodiq guruhlar tomonidan mintaqani yana-da beqarorlashtirishga yo‘l qo‘ymaslik niyatida ekanini bildirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Vashington mintaqadagi qurolli tuzilmalar Yaqin Sharq xavfsizligiga va Amerika kuchlariga tahdid sola olmaydigan tarzda harakat qiladi.
Isroil, AQSH va Eron o‘rtasidagi zarbalar almashinuvi mojaroning yana-da keskinlashish xavfini keskin oshirdi, uning oqibatlari esa mintaqa doirasidan ancha tashqariga chiqishi mumkin.