Islom bank faoliyati to'g'risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish hamda yangi turdagi bank xizmatlarini joriy qilish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan islomiy bank va moliya operatsiyalariga oid huquqiy normalar loyihada aks ettirilganligi ma’qullandi. Shuningdek, moliya standartlari hamda investitsiyaviy depozitlarga oid normalar bo‘yicha avval bildirilgan takliflar inobatga olinganligi xalq vakillari e’tiborida bo‘ldi.
Loyihada islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish bo‘yicha talablar aniq belgilanayotganligi, islomiy moliya operatsiyalariga oid tushunchalar ochib berilayotganligi hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga islomiy moliya standartlari asosida mijozlarni moliyalashtirish uchun savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni olishga ruxsat berilishi nazarda tutilganligi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, deputatlar qonun loyihasi bilan islomiy moliya operatsiyalariga soliq solish bo‘yicha tegishli tartibning joriy qilinayotgani moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘lamining oshishiga katta turtki berishini ta’kidlashdi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda islomiy bank xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etishga, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.