Islohotlar shtabi: Germaniyaning klasterli rivojlanish yondashuvi asosida Baxmal tumani Boyqo‘ng‘ir qishlog‘ining turizm master-rejasi ishlab chiqildi
Islohotlar shtabi: Germaniyaning klasterli rivojlanish yondashuvi asosida Baxmal tumani Boyqo‘ng‘ir qishlog‘ining turizm master-rejasi ishlab chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Baxmal tumani o‘zining tog‘li hududlari va qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or tajribasi bilan turizm sohasida yuqori salohiyatga ega. Tumanda tabiatga asoslangan turizm rivojlanib, keluvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda. Shuni inobatga olib, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan tumanning Boyqo‘ng‘ir vodiysida turizmni rivojlantirishga qaratilgan master-reja ishlab chiqildi.
Ma'lumot uchun: MHTI xodimlari 2023-yilda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan Baden-Vyurtembergda tashkil etilgan o‘quv-seminarida Germaniyaning strategik rejalashtirish va hududiy rivojlanish bo‘yicha ilg‘or amaliyotini o‘rgandi. Bu tajriba mahalliy master-rejalarni tayyorlash jarayoniga amaliy asos sifatida tatbiq etildi.
Master-rejani ishlab chiqishda tahlillar va hududga chiqib o‘rganishlar asosida yuqori o‘sish salohiyatiga ega bo‘lgan faoliyat turlari aniqlanib, salomatlik turizmi, sport va tog‘ turizmi, ekoturizm hamda agroturizm hududni rivojlantirishning drayver yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
Google Trends ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, hozirgi sharoitda master-reja hududida yilning faqat bahor-yoz mavsumlaridagina turistlar tashrifi kuzatiladi. Shunga ko‘ra, hududni rivojlantirishga oid tasavvurni shakllantirishda atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirish va yil bo‘yi ishlaydigan turizm (https://coveteur.com/seasonal-cities-travel) hududini tashkil etishga e’tibor qaratildi.
Master-reja doirasidagi chora-tadbirlar va loyihalarni shakllantirishda pastdan-yuqoriga yondashuviga (bottom-up approach) asoslanuvchi davlat-xususiy sektor muloqoti (https://t.me/ifmr_public/5515)(Public-Private Dialogue) vositasidan foydalanib, potensial loyihalar aniqlab olindi. Xususan, tuman aholisining 303 nafari (shundan 50 nafari tadbirkor) o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
Ijtimoiy so‘rov natijasida drayver yo‘nalishlarga mos tushuvchi 38 ta loyiha shakllantirib olindi. Shakllantirilgan loyihalar ekologik barqarorlik, ish o‘rinlari yaratish imkoniyati, mavsumiylik xatarlarini pasaytirish va o‘zaro aloqadorlik mezonlari asosida saralanib, ularning 10 tasi pilot loyihalar sifatida tanlab olindi.
Shakllantirilgan pilot loyihalarning 4 tasi yirik investitsiya loyihalari hisoblanib, ular nafas yo‘li kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan sanatoriy, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya xizmatlariga ixtisoslashgan kurort mehmonxona, sport majmuasi va sportchilar mehmonxonasi hamda dor (kanat) yo‘li, ziplayn, turli attraksionlar, kuzatuv minoralari, savdo nuqtalari, fudkort va restoranlardan tarkib topgan ko‘ngilochar hududni o‘z ichiga oladi.
Kutilayotgan natijalar:
• master-reja hududini zarur infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash uchun 7,4 mln AQSh dollari talab etilib, buning natijasida qariyb 40 mln dollarlik (xarajatlardan 5,4 barobar ko‘p) investitsiyalarni jalb etish mumkin bo‘ladi;
• jami 19 gektar yer maydoni auksion savdolariga chiqariladi, 300 dan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratiladi;
• kuz-qish mavsumida ham barqaror turistlar oqimi ta’minlanadi, shuningdek, bahor-yoz oylarida turistlar oqimi 7-10 barobargacha oshadi;
• master-reja Zomin va Baxmal tumanlaridagi tog‘ hududlarini yagona turizm halqasiga birlashtirishga (https://t.me/Press_Secretary_Uz/6614) xizmat qiladi.