Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanish kengaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi quyi bo‘g‘inida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Agentlik) tomonidan quyidagi holatlarni aniqlash maqsadida yiliga kamida 3 marta davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladi:
geologiya sohasida – yer qaʼridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, shu jumladan, ruxsatnomada ko‘rsatilgan hududdan tashqariga chiqish;
yer munosabatlari sohasida – yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino va inshootlar qurish;
ekologiya sohasida – mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, shuningdek, noqonuniy yangi chiqindi zonalari vujudga kelishi.
2026 yil 1 martdan belgilangan vakolatli organlar o‘zi aniqlagan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha maʼlumotlarni onlayn ravishda tegishli konturlar kesimida raqamli ko‘rinishda integratsiya orqali SGM platformasiga taqdim etib boradi.
Bunda maʼlumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani, hujjatlar prokuratura va sud organlarida ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risidagi belgilarni o‘z ichiga oladi.
2026 yildan har kalendar yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha kosmik texnologiyalar imkoniyatidan kelib chiqqan holda daraxtzorlarning noqonuniy kesilishini kosmik monitoring orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yildan quyidagi loyihalar sinov tariqasida amalga oshiriladi:
energetika sohasida – Energetika vazirligi tomonidan Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda:
elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 2026 yil 1 avgustgacha Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari holati aerokosmik monitoringdan o‘tkaziladi;
“yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida 2026 yil 1 oktyabrgacha Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud bo‘lgan maydonlar aniqlanadi;
transport sohasida – Transport vazirligi tomonidan temir yo‘llar holatini tezkor nazorat qilishga o‘tish maqsadida Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda 2026 yil 1 oktyabrgacha Toshkent–Angren yo‘nalishidagi temir yo‘lda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘rmon agentligi kosmik monitoring maʼlumotlari orqali aniqlangan daraxtzorlar noqonuniy kesilishi holati bo‘yicha:
maʼlumot taqdim etilgan kundan boshlab 5 kun ichida joyiga chiqib o‘rganish ishlarini tashkil etadi va tasdiqlovchi hujjatlarni integratsiya orqali SGM platformasiga kiritadi;
belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘rilgan kundan so‘ng 1 kun ichida bu haqdagi maʼlumotlarni Agentlikka taqdim etadi. Bunda 2026 yil 1 martdan ushbu maʼlumotlar integratsiya orqali raqamli ko‘rinishda SGM platformasiga kiritib boriladi.
2026 yil 1 martdan boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarida somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish kabi salbiy holatlarga chek qo‘yish va nazorat tizimlarini rivojlantirish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi:
har yili somonpoyalarni yoqish holatlari bo‘yicha maʼlumot taqdim etilgan kundan boshlab 1 kun ichida joyiga chiqib o‘rganish ishlarini tashkil etadi.
2026 yil 1 iyuldan hududlarda Agentlikning aerokosmik maʼlumotlaridan samarali foydalanish holati bo‘yicha mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar reytingini yuritish yo‘lga qo‘yiladi.