Iqlim iqtisodiyot kabi: O‘zbekiston uchun “yashil transformatsiya” nega muhim
Iqlim iqtisodiyot kabi: O‘zbekiston uchun “yashil transformatsiya” nega muhim
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Iqlim faqat ekologlar mavzusi bo‘lmay qoldi. Bugun u iqtisodiyot, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi va hayot sifatiga bevosita taʼsir ko‘rsatayapti. Butun dunyoda har yili atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari miqdori rekord darajaga yetdi va CO₂-ekvivalentida taxminan 57,4 milliard tonnani tashkil qilayapti va bu raqam xalqaro kelishuvlarga qaramasdan ortishda davom etmoqda.
Suv hamma vaqt strategik resurs bo‘lgan O‘zbekiston uchun iqlim o‘zgarishi taraqqiyot yo‘lidagi asosiy muammolardan biriga aylanib borayapti. O‘tgan asrning 60-yillaridan beri O‘zbekistonda o‘rtacha harorat Selsiy shkalasi bo‘yicha taxminan 1,6 darajaga ko‘tarildi. Bu dunyo miqyosidagi o‘rtacha daraja (0,6°C atrofida) dan salkam uch marotaba yuqori. Ayrim hududlar, xususan Orol dengizi atrofida harorat 2,5 darajagacha ko‘tarildi, qurg‘oqchilik esa tez-tez ro‘y beruvchi hodisaga aylandi.
Haroratning ko‘tarilishi va qurg‘oqchilikning kuchayishi qishloq xo‘jaligi, energetika va oziq-ovqat xavfsizligiga sezilarli taʼsir ko‘rsatmoqda. YUNEP (BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi) maʼlumotlariga ko‘ra, faqatgina iqlim bilan bog‘liq tabiiy ofatlar iqtisodiyotga yiliga 92 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazmoqda.
Ayni chog‘da tashqi shart-sharoitlar ham o‘zgarayapti: xalqaro bozorlar va investorlar qarorlarni qabul qilishda ko‘proq iqlim omillarini inobatga olayapti. Bunday sharoitda iqlim siyosati iqtisodiy strategiyaning uzviy bir qismiga aylanmoqda.
Zamonamizning dolzarb muammolariga bir mamlakat doirasida chora topish imkonsiz. Shu bois ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) Oliy iqtisodiyot maktabi (OIM) huzuridagi Tabiiy resurslar iqtisodiyoti va iqlim o‘zgarishlari instituti (Rossiya) hamkorlikda qo‘shma tadqiqot loyihasini amalga oshirayapti. U O‘zbekiston iqtisodiyotini suv-iqlim xatarlari va global “yashil transformatsiya”ga moslashtirishga qaratilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat va biznes uchun amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdir.
“Yashil transformatsiya” bugun mavhum maqsad emas, balki voqelikdir. Butun dunyoda “yashil texnologiyalar” bozori shakllantirilib, uglerodni tartibga solish mexanizmlari tatbiq etilayotir. Moliyaviy manbalardan foydalanish ko‘p hollarda ekologik ko‘rsatkichlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bu esa O‘zbekiston uchun o‘z taraqqiyoti manfaatlarini saqlab qolgan holda, yangi o‘yin qoidalarini inobatga olish zarurligini anglatadi.
Suv mamlakat uchun eng muhim masalaligicha qolayapti. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, suv taʼminotini oshirishga qaratilgan anʼanaviy yondashuv samarali emas. Talabni boshqarish birinchi o‘ringa chiqayapti, yaʼni zamonaviy sug‘orish tizimlari, suv va yerdan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etayapti. Bunda Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqviy hamkorligisiz qatʼiy bir qarorga kelishning iloji yo‘q.
Atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish birdan-bir maqsad bo‘lib qolmasligi zarur. O‘zbekiston uchun iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ko‘maklashishi, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishi va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishi muhim ahamiyatga ega. Shundagina iqlim siyosati cheklov emas, balki taraqqiyot vositasiga aylanadi.
Loyihada moliyalash masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Xalqaro resurslarni jalb etish uchun mamlakatga aniq strategik hujjatlar va aniq natijalar zarur. Istiqbol suvdan samarali foydalanish, sanoatda uglerod sig‘imdorligini kamaytirish va xalqaro iqlim tashabbuslarida ishtirok etishga qaratilgan loyihalar bilan bog‘liq.
Bugun O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikaning ulushini oshirish, iqtisodiyotning uglerod sig‘imdorligini kamaytirish mo‘ljallanayapti. Xalqaro darajada O‘zbekiston Parij bitimi hisoboti tizimiga qo‘shilgan va 2030 yilga borganda havoga chiqarilayotgan issiqxona gazlarini YAIM birligiga nisbatan 2010 yildagi bilan qiyoslaganda 35 foizga qisqartirishga harakat qilmoqda va bunga qo‘shimcha ravishda 2035 yilga borganda tashlanmalarni 50 foizga qisqartirish maqsadini qo‘ygan. O‘z navbatida Rossiya ham xalqaro iqlim kelishuvlarida faol ishtirok etayapti va 2030 yilga borganda havoga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini 1990 yildagiga nisbatan 70 foizga qisqartirish maqsadini maʼlum qilmoqda.
Biznesga nisbatan talab ham o‘zgarayapti. Tashqi bozorlarga ishlaydigan kompaniyalar uchun ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya etish kapitalga ega bo‘lish yo‘lidagi muhim shartga aylanmoqda. Bu esa yangi yo‘nalishda milliy ekspertizani rivojlantirish va mutaxassislarni tayyorlashni talab etadi.
Asosiy xulosa maʼlum, yaʼni iqlim - bu muvaqqat kun tartibi emas, balki iqtisodiy taraqqiyotning uzoq muddatli omili. Suv, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlar va moliyalashtirishga nisbatan kompleks yondashuv global o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekistonga rivojlanishning nisbatan barqaror va raqobatbardosh modelini ishlab chiqish imkonini beradi.
Moxir Shagazatov, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Yer islohotlari markazi direktori
Igor Makarov, Oliy iqtisodiyot maktabi huzuridagi Tabiiy resurslar iqtisodiyoti va iqlim o‘zgarishlari instituti (Rossiya)direktori, i.f.n.