Valyuta kurslari 01/12/2025
$1 – 11940.95
UZS – 0,32%
€1 – 13814.49
UZS – 0,25%
₽1 – 152.68
UZS – 0,33%
Qidirish
“Ipak yo‘lida turizm” 30-yubiley Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi yakunlandi

“Ipak yo‘lida turizm” 30-yubiley Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi yakunlandi

 

“Ipak yo‘lida turizm” 30-yubiley Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi yakunlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning 29-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, shuningdek, Milliy PR-markazi hamda “Interforum” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan uch kunlik “Ipak yo‘lida turizm” 30-yubiley Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2025) yakunlandi. Bu yil ham yarmarka “CAEx” (Central Asian Expo Uzbekistan) xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tdi.

Yarmarka mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun zamin yaratib, O‘zbekistonni jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida tanitishda muhim ahamiyat kasb etdi. Noyob sayyohlik marshrutlari va hududiy diqqatga sazovor joylarning taqdimoti mamlakatimizning turli hududlarida qiziqish uyg‘otdi, hamkorlikni kengaytirish va sayyohlarni jalb etishda yangi istiqbollarni ochdi. Keng ko‘lamli tadbir 100 dan ortiq nufuzli ommaviy axborot vositalarining ham e’tiborini tortdi va bu O‘zbekistonning xalqaro maydonda e’tirofining sezilarli darajada oshishiga xizmat qildi. 

“Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi 1995-yildan buyon mamlakatimizda va butun Markaziy Osiyo mintaqasida turizm sohasining eng yirik va e’tiborli tadbiri sifatida tashkil etilib kelinmoqda. Bu yarmarkaning asosiy vazifasi — mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini keng namoyish etish, turizm sohasini rivojlantirish uchun qulay infratuzilmani yaratish va yangi turistik marshrutlarni taqdim etishdan iborat. 

Yarmarkaga 15 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi, ular orasida 72 ta xorijiy davlat, jumladan, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya kabi davlat vakillari ham borligi e’tiborga loyiq. 

Uch kun davomida Yarmarka doirasida jami 44 ta stend ostida yuzdan ortiq mahalliy va xorijiy turizm sohasi subyektlari ishtirok etdi. Shuningdek, «B2B» uchrashuvlar tashkil etilib, ularda minglab muzokaralar olib borildi va bitimlar imzolandi. 

Ta’kidlash lozimki, bu yilgi yarmarkada Xitoy Xalq Respublikasi ilk bor o‘z milliy stendi bilan ishtirok etdi. 

“Hosted Buyers” – professional xaridorlar dasturi bo‘yicha 10 ta xorijiy va 30 dan ortiq mahalliy turistik kompaniyalar ham ishtirok etib, ular tomonidan 50 dan ortiq shartnomalar imzolandi.

Bundan tashqari, sohaga oid panel sessiyalari, work-shoplar, “Uzairo” xalqaro aviatsiya forumi, “Delicious Uzbekistan” (“Lazzatli O‘zbekiston”) xalqaro gastronomik festivali, Hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, Turizm ta’limi forumi, “Global sayyohlik mediakampusi” (uning doirasida “Tabarruk ziyorat” xalqaro mediaturi va “B2B” formatda uchrashuvlar), Etnoo‘yinlar festivali, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatida birinchi turizm forumi hamda Islom hamkorlik tashkiloti turizm vazirlari konferensiyasiga raislik doirasida IHT turizm forumi kabi yirik tadbirlar o‘tkazildi.

Ko‘rgazmaning yopilish marosimida kelasi yili 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazilishi e’lon qilinib, yarmarkada o‘z stendlari bilan ishtirok etgan barcha turizm sohasi vakillariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling