Inson rivojlanish indeksi: O‘zbekiston bir pog‘ona pasaydi, lekin yuqori IRI darajasiga ega davlatlar qatorida qoldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMT TD) tomonidan tuzilgan Inson rivojlanish indeksi (IRI)ning yillik reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 193 davlat va hudud orasida 107-o‘rinni egalladi.
Avvalgi reyting bilan solishtirganda, O‘zbekiston bir pog‘ona pastga tushdi.
Indeks mamlakatlarning rivojlanish darajasini uchta asosiy ko‘rsatkich asosida baholaydi:
kutilgan umr davomiyligi,
taʼlim muddati (kutilgan va amaldagi),
har bir aholiga to‘g‘ri keladigan yalpi milliy daromad (xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha tuzatilgan).
O‘zbekistonning IRI 0,740ni tashkil etdi (maksimal daraja — 1,000). Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonga “inson rivojlanish darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar” toifasida qolish imkonini beradi. Joriy reytingda O‘zbekiston Janubiy Afrika Respublikasi va Boliviya o‘rtasida joylashdi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani Qozog‘iston qayd etdi — 60-o‘rin, shu bilan juda yuqori IRIga ega mamlakatlar qatoriga kirdi. Turkmaniston va Qirg‘iziston mos ravishda 95- va 117-o‘rinlarni egallab, O‘zbekiston bilan bir toifada joylashdi. Tojikiston esa oldingi yillardagi kabi o‘rta rivojlanish darajasiga ega davlatlar guruhida qolib, 128-o‘rinni egalladi.
Global reytingda 1-o‘rinni Islandiya egalladi. Shuningdek, Norvegiya, Shveysariya, Daniya va Germaniya ham ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi beshlikka kirdi.