Insofsiz raqobat holatlari yuzasidan “Ahangaron Hygienic Pro” MCHJga nisbatan tegishli taʼsir chorasi ko‘rildi
Insofsiz raqobat holatlari yuzasidan “Ahangaron Hygienic Pro” MCHJga nisbatan tegishli taʼsir chorasi ko‘rildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga xorijiy korxona OOO “MAMA ZNAYET” tomonidan murojaat qilingan. Unda jamiyatga tegishli bo‘lgan “MAMA ZNAYET” tovar belgisidan “AHANGARON HYGIENIC PRO” MCHJ tomonidan “MAMA LYUBIT” ko‘rinishida ishlatilgani bayon etilgan.
Mazkur murojaatni o‘rganish davomida, ushbu tovar belgilarining adashtirib yuborish darajasida o‘xshashligi fuqarolarni chalg‘itayotgani, shu bilan birga, korxonaning “MAMA ZNAYET” tovar belgisiga bo‘lgan huquqini buzilishiga olib kelayotgani taʼkidlangan. Bu bilan “AHANGARON HYGIENIC PRO” MCHJ “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi talabini buzgan deb topildi.
Yuqoridagi aniqlangan qonunbuzilish holatiga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “AHANGARON HYGIENIC PRO” MCHJga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 694-sonli qarori talablari buzilish alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.