Indoneziyada O‘zbekistonga sayyohlik yo‘nalishlari va "Umra Plus" dasturi targ‘ib qilinmoqda
Indoneziyada O‘zbekistonga sayyohlik yo‘nalishlari va "Umra Plus" dasturi targ‘ib qilinmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Indoneziyaning Janubiy Kalimantan provinsiyasi markazi Banjarmasin shahrida O‘zbekiston turizm sohasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonning turizm salohiyatini Janubiy Kalimantanda keng targ‘ib qilish, mahalliy turoperatorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, “Umrah Plus Uzbekistan” dasturi doirasida qo‘shma turpaketlar ishlab chiqish va aviaqatnovlar masalasini muhokama etishdan iborat bo‘ldi.
Anjumanda Banjarmasin shahri merining birinchi o‘rinbosari Ibu Ananda, Janubiy Kalimantan provinsiyasi maʼmuriyatining turizm boshqarmasi vakillari, Umra va haj ziyoratlarini tashkil qilish tashkiloti raisi Saridi Salimin, yetakchi turizm kompaniyalari rahbarlari, umra tashkilotchilari, mahalliy OAV vakillari qatnashdi.
Taqdimot doirasida O‘zbekiston va Indoneziyani mushtarak tarixiy-madaniy ildizlar, islom sivilizatsiyasi merosi va o‘xshash qadriyatlar bog‘lab turishi taʼkidlandi.
Bugungi kunda turizm mamlakatimizda strategik tarmoq sifatida belgilangan. Ziyorat turizmi, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar merosi indoneziyalik ziyoratchilar uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda ishtirok etgan indoneziyalik soha vakillari O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan davlat sifatida asrlar davomida savdo, ilm-fan va islom tafakkuri markazi bo‘lib kelgani haqida fikr bildirdi. Sayyohlik kompaniyalari vakillari Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar nafaqat tarixiy yodgorliklar majmuasi, balki jonli madaniy muhit ekanini taʼkidladi.
“Umrah Plus Uzbekistan” dasturi doirasida Indoneziyadan kelayotgan ziyoratchilarga Makka va Madina safari bilan bir qatorda Samarqand va Buxoroni o‘z ichiga olgan maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishlarni taklif etish imkoniyati va bu yo‘nalish ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga oid fikrlar xorij tomonida katta qiziqish uyg‘otdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish va turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlikni institutsionallashtirish muhimligi qayd etildi.
Banjarmasin shahri hokimi birinchi o‘rinbosari Ibu Ananda O‘zbekiston bilan turizm sohasida aloqalarni rivojlantirish Janubiy Kalimantan uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladi.
Umra va haj ziyoratlarini tashkil qilish tashkiloti “Forum Komunikasi Perusahaan Umroh dan Haji” raisi Saridi Salimin O‘zbekistonning islom olamidagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
“Imom Buxoriy yurti bo‘lgan Samarqand indoneziyalik musulmonlar uchun katta maʼnaviy ahamiyatga ega. Biz “Umra plyus” dasturlariga O‘zbekistonni kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqdamiz. O‘zbekiston turizm kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishdan manfaatdormiz”, – dedi u.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli multimedia taqdimoti o‘tkazildi. Unda mamlakatning madaniy-tarixiy merosi, ziyorat maskanlari, zamonaviy turistik infratuzilmasi, Samarqand va Xiva turistik markazlari, xalqaro mehmonxona tarmoqlari, qishki va ekologik turizm imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Taqdimotdan so‘ng G2B (Government-to-Business) formatida uchrashuvlar tashkil etildi. Turoperatorlar o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi, hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Savol-javob sessiyasi davomida aviaqatnovlar, viza tartibi, guruhli ziyoratlar logistikasi, halol standartlari, mehmonxona infratuzilmasi va mahalliy sheriklar bilan ishlash mexanizmlari yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.
Ayrim indoneziyalik turoperatorlar o‘z chiqishlarida O‘zbekiston kompaniyalari bilan avvalgi hamkorlik tajribasi ijobiy bo‘lganini, xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizlik darajasi yuqori ekanini taʼkidladi.