ILMA delegatsiyasi Seulga tashrifi davomida Koreya birjasi tajribasini o‘rganmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — ILMA vakillarining Koreya Respublikasi fond birjalarining ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida Seul shahriga tashrifi boshlandi.
Taʼlim dasturi Koreya birjasi (KRX) tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) ko‘magida tashkil etilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasining o‘quv tashrifida ishtirok etishi Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 sentyabrdagi PQ-291-son qarori ijrosini taʼminlash doirasida amalga oshirilmoqda hamda “Qimmatli qog‘ozlar bozori axborot-resurs markazi” davlat unitar korxonasi, Markaziy depozitariy va “Toshkent” Respublika fond birjasi faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan.
Dastur ishtirokchilari qimmatli qog‘ozlar bozorida huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olish mexanizmlari, qimmatli qog‘ozlar bozorini nazorat qilish sohasidagi ilg‘or texnologiyalar va amaliy yondashuvlar bilan tanishadi.
Delegatsiya tashrifi davomida Koreya birja tuzilmalari rahbarlari va mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazish, risklarni boshqarish, korporativ boshqaruv va innovatsion moliyaviy vositalarni joriy etish bo‘yicha tajriba almashish rejalashtirilgan.