Illinoys shtati nazoratchisi boshchiligidagi amerikalik ishbilarmonlar delegatsiyasi Andijon viloyatiga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSHning Illinoys shtati moliyaviy masalalar bo‘yicha kontrolyori Susana Angelina Mendoza boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi Andijon viloyatida bo‘ldi.
AQSHlik mehmonlar viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida Bobur nomli Andijon xalqaro aeroportida tantana bilan kutib olindi.
Muloqotda viloyat rahbari mehmonlarni Andijonga tashrif bilan qutlab, O‘zbekiston – Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganligi, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy, ta’lim va boshqa qator yo‘nalishlarda hamkorlik ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng mehmonlar Andijon shahri markazidagi “Jome” me’moriy majmuasi – Registon maydonida bo‘ldi. Majmuadagi tarixiy obidalar, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlar ko‘rgazmalari bilan tanishdi.
Delegatsiya a’zolari Andijon shahrining bosh jome masjidini ziyorat qildi. Masjid tarixi, uning o‘ziga xos arxitekturasi, xalqimiz ma’naviy hayotida tutgan o‘rni haqida ma’lumotlar oldi.
Susana Angelina Mendoza boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Andijon shahridagi jinsi va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “DIROMM Jeans” fabrikasi, to‘qimachilik va uy-tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “DINAR GROUP” MCHJ korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Mehmonlar korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlarining zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgani, shuningdek, ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, korxonalar faoliyatidagi yuqori samaradorlik va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati alohida ta’kidlandi.
Delegatsiya Oltinko‘l tumanida tashkil etilgan “Mebelsozlik kompleksi” sanoat zonasida bo‘lib, u yerdagi ishlab chiqarish va savdo nuqtalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Mebel ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan sexlar hamda tayyor mahsulot va furnituralar namoyish etilgan shourumni ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, mehmonlar Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘ida bo‘ldi. Shoh, shoir va sarkarda Bobur Mirzo qabri ziyorat qilindi, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi eksponatlari bilan tanishildi.
Delegatsiya a’zolari Buloqboshi tumanidagi Uchko‘cha mahallasida bo‘lib, aholi xonadonlarida yetishtirilgan uzumlarni ko‘zdan kechirdi. Uzumchilikka ixtisoslashgan mahallalar, o‘ziga xos tajribalar haqida mehmonlarga keng ma’lumotlar berildi.
AQSHlik mehmonlar Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan xalq saylida ishtirok etib, aholi vakillari bilan suhbatda bo‘ldi, xalqimizning urf-odatlari, milliy liboslari, taomlari va san’ati bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlar sayl doirasida tayyorlangan 1 tonnalik xalqimizning shox taomi – palovdan bahramand bo‘ldi.
Tashrif doirasidagi suhbat va muloqotlarda AQSHlik investorlarni mamlakatimizga, xususan, Andijonga jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda fikr almashildi. Xizmat ko‘rsatish va logistika sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflar o‘rtaga tashlandi.