“Ijtimoiy himoya fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (715-son, 11.11.2025 y.) bilan “Ijtimoiy himoya fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom “Ijtimoiy himoya fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar har yili 20 aprelga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga taqdim etiladi.
Komissiya xulosasi asosida har yili 20 mayga qadar Agentlik direktorining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqariladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslarga har yili 1 iyun – Agentlik tashkil etilgan kun arafasida Agentlik direktori tomonidan ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.
Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari bilan bog‘liq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, Agentlik direktorining buyrug‘iga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.