IDEAL kompaniyasining yangi muzlatgich ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi
IDEAL kompaniyasining yangi muzlatgich ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "O'zeltexsanoat" uyushmasiga a'zo IDEAL kompaniyasi muzlatgich ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxonasini tantanali ravishda foydalanishga topshirdi. Mazkur loyiha milliy maishiy texnika sanoatini rivojlantirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan.
Ochilish marosimida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya davlatlaridan tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar, shuningdek, viloyat va tuman rahbariyati vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida IDEAL brendining keng turdagi muzlatgichlari bilan bir qatorda, kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan yangi avlod maishiy texnika mahsulotlari ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.
Loyiha qiymati 10 million AQSh dollarini tashkil etib, korxona keng turdagi muzlatgichlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy ishlab chiqarish liniyasi bilan jihozlangan. Yillik ishlab chiqarish quvvati 200 ming dona muzlatgichni tashkil etadi. Korxona faoliyati doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
IDEAL kompaniyasining mazkur yangi ishlab chiqarish quvvati mahalliy iste’molchilar bilan bir qatorda, xorijiy bozorlarni ham raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.