Huquqiy eksperiment o‘tkazish tartibi belgilanmoqda
Huquqiy eksperiment o‘tkazish tartibi belgilanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda yangi tartib-taomillarni hayotga joriy etishdan oldin ularni cheklangan holda (muayyan hududda yoki shaxslar, tashkilotlar doirasida) huquqiy eksperiment (tajriba-sinov) tarzida qo‘llash amaliyoti kengayib bormoqda.
Huquqiy eksperiment tushunchasi, uni o‘tkazish va natijalarini rasmiylashtirish masalalari “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan, lekin uni o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy munosabatlar kompleks tartibga solinmagan.
Ushbu Qonun qator huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda huquqiy eksperimentning maqsadi, asosiy tushunchalar, prinsiplar, vakolatli organlar, huquqiy eksperimentni o‘tkazish shartlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi va boshqa masalalar nazarda tutilmoqda.
Huquqiy eksperiment faqatgina O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezident farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘tkazilishi aniq belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish, eksperimental huquqiy normalarni joriy etish bo‘yicha yagona huquqni qo‘llash amaliyotini taʼminlash hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.