Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi takomillashtirilmoqda
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi takomillashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Qurol to‘g‘risida”gi hamda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, hududlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish maqsadida sovuq qurolni olib yurish huquqbuzarligini bir yil davomida takroran sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Jumladan, ushbu huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 1261-moddasining to‘rtinchi – sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik sudlanganlarga sudlanganlik holati tugallanganligidan yoki olib tashlanganligidan yoxud amnistiya akti qo‘llanilganligidan keyin o‘n yil davomida ruxsatnoma bermaslikka sabab bo‘ladi. Agar huquqbuzarda o‘qotar qurol mavjud bo‘lsa, ushbu o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarni olib qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, ichkilikka ruju qo‘ygan shaxslarni majburiy davolanishga yuborish uchun bir yil mobaynida bir martadan ortiq maʼmuriy javobgarlikka tortish emas, balki bir yil davomida bir marta maʼmuriy javobgarlikka tortilganlik asos bo‘lishi belgilanmoqda.
Bunda shaxsni majburiy davolanishga muhtoj deb topish vakolatini olis hududlarda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalarga ham berish, shuningdek, narkologik ekspertizalarni o‘tkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha joylarda profilaktika inspektorlarning ishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.