Valyuta kurslari 18/07/2025
$1 – 12658.19
UZS – -0,79%
€1 – 14672.11
UZS – -1,0%
₽1 – 161.44
UZS – -1,16%
Qidirish
Iqtisod 19/07/2025 HUMO kompaniyasi token bo‘yicha mish-mishlarni rad etdi va loyihaning huquqiy shaffofligini taʼkidladi

HUMO kompaniyasi token bo‘yicha mish-mishlarni rad etdi va loyihaning huquqiy shaffofligini taʼkidladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — HUMO kompaniyasi ayrim nashrlarda HUMO Token loyihasiga doir noto‘g‘ri talqinlar tarqalgani munosabati bilan rasmiy bayonot eʼlon qildi.

Hujjatda taʼkidlanishicha, loyiha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga to‘liq mos ravishda amalga oshirilmoqda va texnologik hamda moliyaviy sohalarda innovatsion yechimlarni joriy etishni maqsad qilgan.

HUMO taʼkidlashicha, «HUMO Token – bu texnologik va moliyaviy vosita bo‘lib, uni chiqarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida amalga oshirilgan». Loyihaning asosiy tamoyili — tokenni davlat obligatsiyalari bilan taʼminlashdir. Bu esa loyiha ishtirokchilari uchun moliyaviy modelni shaffof va oldindan bashorat qilinadigan qilib beradi.

Kompaniya alohida urg‘u berganicha, HUMO Token muayyan davlat yoki geosiyosiy kontekst bilan bog‘lanmagan. «U universal infratuzilma vositasi sifatida ishlab chiqilmoqda va turli muhitlarda, amaldagi qonunchilik va tartib-taomillarga rioya etilgan holda, qo‘llanilishi mumkin», deyiladi bayonotda.

Token bilan bog‘liq barcha jarayonlar O‘zbekiston qonunchiligi va tegishli nazorat organlari talablari asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonlarga foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish, operatsiyalarni monitoring qilish va noqonuniy faoliyatlarning oldini olish kabi choralar kiradi. Loyiha «shaffoflik, huquqiy barqarorlik va texnologik ishonchlilik» tamoyillari asosida qurilgan, deb urg‘ulaydi HUMO.

Loyihaga doir dolzarb maʼlumotlar faqatgina HUMO va Asterium‘ning rasmiy sayti va axborot kanallarida taqdim etiladi. Loyiha jamoasi kerak bo‘lganda qo‘shimcha sharhlar berishi mumkin.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, kripto-aktivlardan to‘lov vositasi yoki to‘lov qabul qilishda foydalanish taqiqlanganini eslatib o‘tdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling