Hukumat komissiyasi Yangi Avloddagi investitsiya loyihalarini tekshirdi
Hukumat komissiyasi Yangi Avloddagi investitsiya loyihalarini tekshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat komissiyasi Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi bir qator obyektlarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.
Mazkur hududda investitsiyalar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Loyihalarni ishga tushirish va ularning to‘liq quvvatda faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan infratuzilmaviy hamda moliyaviy masalalar joyning o‘zida ko‘rib chiqildi.
“Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasida JAC avtomobillarini ishlab chiqarish, “DPW Tashkent” logistika terminalini tashkil etish, “Health Line” bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihalari hamda zonaning umumiy rivojlanish dinamikasi o‘rganildi.
Ushbu zonaga 835 million dollar sarmoya kiritilishi va 9 mingta ish o‘rni yaratilishi e’lon qilingan. Asosiy vazifalar — hududdan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuri hamda 110 kV elektr tarmoqlarini ko‘chirish ishlarini jadallashtirish, shuningdek tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etishdan iborat.
Qiymati 135 million dollar bo‘lgan, yiliga 30 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega “JAC Motors Tashkent” MChJ loyihasi alohida ko‘rib chiqildi. Birinchi bosqich 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Kutilayotgan eksport hajmi 5 million dollarni tashkil etadi.
Qiymati 288 million dollarlik “DPW Tashkent” MChJ loyihasi doirasida multimodal logistika terminali va “A” toifali avtomatlashtirilgan ombor tizimini yaratish rejasi taqdim etildi. Loyiha yiliga 157 mingta konteyner aylanmasini ta’minlash, 60 ming kvadrat metr ombor maydonlarini yaratish va 345 ta ish o‘rni tashkil etishni nazarda tutadi.
Shuningdek, qiymati 50 million dollarlik “Health Line” MChJ tomonidan bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihasi ham taqdim etildi. Loyiha doirasida yiliga 1,4 milliard dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy korxona barpo etilishi va 520 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Komissiya tumanda joylashgan, qiymati 25 million dollarlik olovbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi “Ogneupor” MChJ hamda “Yangi Hayot” industrial texnoparkidagi “Comfi” qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha “Accord Vision” MChJ loyihasini ham borib ko‘rdi.
Gaz va elektr ta’minoti, kredit ajratish hamda kompensatsiya to‘lovlarini bosqichma-bosqich tartibga solish masalalari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.