Hukumat komissiyasi Buka va Pskent tumanlarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini o‘rgandi
Hukumat komissiyasi Buka va Pskent tumanlarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini o‘rgandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatining Bo‘ka va Piskent tumanlariga Hukumat komissiyasi ishchi guruhi raisi — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligida sayyor chiqish amalga oshirildi.
Tashrifdan maqsad — investitsiya loyihalarining amalga oshirilish jarayonini joyida o‘rganish, korxonalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, mavjud muammoli masalalarni qayd etib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflarni tayyorlashdan iborat.
Xususan, DATANG BUKA NEW ENERGY DEVELOPMENT kompaniyasining quvvati 263 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiya qurish loyihasining ijrosi ko‘rib chiqildi.
Qiymati 150 mln AQSh dollarilik loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilayotgan bo‘lib, o'tgan yili noyabrda ishga tushurilgan va tarmoqqa ulangan edi.
Rahbari — Wang Junfeng (Xitoy), loyihaning vazifasi — hudud energobalansini mustahkamlash hamda “yashil” energetika infratuzilmasini rivojlantirish.
Muhokama jarayonida investor “yashil energiya” sohasida yangi loyiha boshlash uchun qo‘shimcha 400 gektar yer maydoni ajratishni taklif qildi.
Hukumat komissiyasi tomonidan yer masalalari, tarmoqlarga ulanish va texnik shartlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi; tegishli idoralarga masalani ishlab chiqish hamda keyingi harakatlar bo‘yicha kelishilgan “yo‘l xaritasi”ni shakllantirish topshirildi.