Huawei Namanganda filialini ochadi va aqlli shahar va AI laboratoriya loyihalarini ishga tushiradi
Huawei Namanganda filialini ochadi va aqlli shahar va AI laboratoriya loyihalarini ishga tushiradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Xitoy Xalq Respublikasining Huawei kompaniyasi Sharqiy mintaqa bo‘yicha menejeri Dilimulati Maimati boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda viloyat hokimi xorijlik mehmonlarga hududda AyTi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, raqamlashtirish siyosati doirasida qo‘lga kiritilayotgan natijalar va yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida to‘xtaldi.
Muzokaralar davomida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, taʼlim sohasini modernizatsiya qilish va sunʼiy intellekt yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra Namangan Davlat texnika universitetida sunʼiy intellekt laboratoriyasini, umumtaʼlim maktablarida “aqlli sinf xonalari”ni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Loyiha o‘quv jarayonini raqamlashtirish, interaktiv taʼlim vositalaridan foydalanish va o‘quvchilarning AyTi ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Namangan shahrida “Smart City” — aqlli shahar konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etiladi. Natijada xavfsizlik, kommunal xizmatlar, transport boshqaruvi va ekologik monitoring yo‘nalishlarida ilg‘or raqamli yechimlar tatbiq etiladi.
Eng asosiysi, Huawei kompaniyasining Namangan viloyatida rasmiy filiali tashkil etiladigan bo‘ldi. Filial viloyatda doimiy faoliyat yuritib, xorij bozorlari uchun AyTi ekspertlar tayyorlash va eksportga yo‘naltirilgan raqamli xizmatlarni yo‘lga qo‘yishga ixtisoslashtiriladi.
Viloyat hokimi ushbu kelishuvlar Namanganning raqamli infratuzilmasini yana-da rivojlantirishda va hududda innovatsion ekotizimni shakllantirishda muhim qadam ekanini taʼkidladi.
Huawei kompaniyasi delegatsiyasining tashrifi viloyatda raqamlashtirish, taʼlim va texnologiya sohalarida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.