Valyuta kurslari 24/10/2025
$1 – 12129.33
UZS – 0,23%
€1 – 14061.53
UZS – 0,21%
₽1 – 149.17
UZS – 0,78%
Qidirish
“HoReCa Expo 2025”da O‘zbekistonning mehmondo‘stlik salohiyati keng namoyish etildi

“HoReCa Expo 2025”da O‘zbekistonning mehmondo‘stlik salohiyati keng namoyish etildi

“HoReCa Expo 2025”da O‘zbekistonning mehmondo‘stlik salohiyati keng namoyish etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 21-23-oktyabr kunlari Toshkentda Turizm qo‘mitasi va O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi tomonidan "HoReCa Expo Uzbekistan 2025" xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Mazkur tadbir turizm, mehmondo‘stlik sohasi va restoran biznesini targ‘ib qilish hamda rivojlantirish uchun asosiy maydon vazifasini o‘tadi.

Uch kun davomida ko‘rgazmaga 4,5 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi. Tadbirda Ozarbayjon, Italiya, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va boshqa mamlakatlardan 30 ga yaqin kompaniya hamda 70 dan ortiq spikerlar va ekspertlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va O‘zbekistonning xalqaro sayyohlik maydonidagi imidjini mustahkamlashga qaratilgan innovatsion yechimlar, texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni namoyish etdilar.

Birinchi kun turizmning barqaror rivojlanishi, mehmonxonalar arxitekturasi va dizayni, raqamlashtirish hamda HoReCa sohasiga investitsiyalar masalalari muhokama etildi. Ikkinchi kun esa gastronomiya yo‘nalishiga bag‘ishlandi - "Gastro Forum 2025" doirasida fransuz oshpazi, ikki Michelin yulduzi sohibi Jan Ashner, shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan restoran egalari va mutaxassislar ishtirokida munozaralar va taqdimotlar o‘tkazildi.

Ko‘rgazmaning yakuniy kuni turizm sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish va ta’lim tashabbuslariga qaratildi. Dual ta’limni joriy etish yo‘llari hamda mutaxassislar tayyorlashga zamonaviy yondashuvlar atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi Qirg‘izistonlik hamkorlar, mahalliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Shuningdek, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS Toshkent) turizm va madaniy meros texnikumlari bilan kelishuvlar tuzdi.

Uch kun davomida alohida e’tiborni 2,5 mingga yaqin ishtirokchini jamlagan Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tortdi. Yarmarka turizm va mehmondo‘stlik sohasida karyera qilishga qiziqayotgan talabalar bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi bevosita muloqot uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qildi.

"HoReCa Expo Uzbekistan 2025" O‘zbekistonning turizm, kadrlar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi yuksak salohiyatini namoyon etib, yilning eng muhim tarmoq hodisasi maqomini tasdiqladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling