Hokimlik boshqaruv xodimlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlari faoliyatining samaradorligini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholashning" namunaviy tartibi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami: 3696, 28.10.2025 y.).
Mazkur Namunaviy tartibning amal qilishi Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlardagi hokimlik xodimlari faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklarining o‘z ichki tartibini belgilashga nisbatan tatbiq etiladi.
Samaradorlik ko‘rsatkichlari quyidagi talablarga javob berishi kerak: aniq bo‘lishi, vaqt chegarasining mavjudligi, kompetentligi, maqsadliligi, rishish mumkinligi, o‘lchanadigan bo‘lishi.
Hokimlik xodimlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularni baholash belgilangan sxemaga asosan “samaradorlik.uz” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Hokimlik xodimlari faoliyati samaradorligining reyting natijalari: 70 balldan kam bo‘lganda – “qoniqarsiz” (D), 70 balldan 85 ballgacha – “qoniqarli” (C), 85 balldan 100 ballgacha – “yaxshi” (B), 100 ball va undan yuqori bo‘lganda – “aʼlo” (A) deb baholanadi.