Hokim Xayrullo Bozorov SHHT Bosh kotibining o‘rinbosari Suxayl Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Shanhay hamkorlik tashkiloti (SHHT) bosh kotibining o‘rinbosari Suhayl Xonni qabul qildi.
Uchrashuvda Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Farg‘onada o‘tkazilayotgan Tinchlik forumi qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma bo‘layotgani taʼkidlandi.
Suhayl Xon SHHT doirasida mintaqaviy hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va madaniy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, Farg‘ona viloyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflarini bildirdi.
Muloqotda turizm, madaniyat, taʼlim, iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik forumlari va madaniy almashinuv dasturlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Viloyat rahbari Xayrullo Bozorov Shanhay hamkorlik tashkilotining nufuzli xalqaro tuzilma sifatida mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashda muhim rol o‘ynayotganini qayd etdi. U, shuningdek, Farg‘ona viloyatida tashkilot bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuvda hamkorlikni rivojlantirish borasida fikr almashildi.