Hisob palatasi va ASSA tashkiloti o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Hisob palatasi va ASSA tashkiloti o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — ASSA tashkiloti delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida amaliy tashrif bilan bo‘ldi.
Uchrashuvda Tomonlar davlat moliyasini boshqarish, audit sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish hamda Hisob palatasi xodimlarining kasbiy malakasini oshirish masalalarini muhokama qildi.
ACCA (Association of Chartered Certified Accountants) — jahondagi eng nufuzli xalqaro buxgalterlik va auditorlik tashkilotlaridan biri bo‘lib, 180 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. ACCA xalqaro standartlar, moliyaviy hisobdorlik va auditorlar malakasini oshirish bo‘yicha ilg‘or bilimlarni tadbiq etishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Abdullayev hozirda ushbu idorada amalga oshirilayotgan transformatsiyalar haqida maʼlumot berdi. Hisob palatasi bugungi kunda o‘z faoliyatini xalqaro standartlar asosida qayta shakllantirish, auditni anʼanaviy tekshiruvdan tahlil, baholash va professional xulosa berish tizimiga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilagani taʼkidlandi.
O‘z navbatida, ASSA tashkiloti vebinarlar orqali Hisob palatasi xodimlarini ilg‘or xalqaro tendensiyalar bilan tanishtirish, maqsadli mavzularda qo‘shma konferensiyalar tashkil etish, ACCA o‘quv platformasida qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Hisob palatasi va ASSA tashkiloti o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unda belgilangan vazifalar — Hisob palatasi xodimlari uchun o‘quv va uzluksiz kasbiy rivojlanish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, texnik materiallardan foydalanish, qo‘shma konferensiyalar o‘tkazish, davlat auditorlarini sertifikatlashni qo‘llab-quvvatlash, O‘quv markazini akkreditatsiyalash imkoniyatlarini o‘rganish.
Tomonlar auditorlik sohasidagi xalqaro tajribalarni amaliyotga joriy etish, malaka va salohiyatni oshirish bo‘yicha yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.