Valyuta kurslari 05/06/2025
$1 – 12831.81
UZS – -0,2%
€1 – 14606.45
UZS – -0,45%
₽1 – 163.75
UZS – 0,18%
Qidirish
Iqtisod 07/06/2025 Hindistonda o‘zbek va hind tadbirkor ayollari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Hindistonda o‘zbek va hind tadbirkor ayollari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova boshchiligida O‘zbekiston ayol tadbirkorlari Hindistonda xizmat safari bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi qoshidagi Ayollar tashkiloti (FICCI Ladies Organisation) bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi iqtisodiy salohiyat, o‘zaro aloqalarni yana-da mustahkamlash masalalari, shuningdek, turli sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Jumladan, N.Shotursunova o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida qizlar uchun taʼlim berish va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish, to‘qimachilik yo‘nalishida tajriba almashish hamda tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor ayollar uchun Toshkent shahrida Hindiston hamkorligida malaka oshirish markazini tashkil etish takliflari ilgari surildi.

Uchrashuv natijalari bo‘yicha bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi:

“Artatex” MCHJ rahbari N.Bekmuratova Hindistondagi “AROGYAM” kompaniyasi rahbari Namrata Mishra bilan to‘qimachilik sohasida — xususan, adras matolarini eksport qilish;

“Lightmedium” klinikasi rahbari N.Umbarbekova tibbiy xizmatlar sohasida Hindiston hamkorlarini jalb etish;

“MPA International Creative Media Agency” rahbari N.Tojiboyeva Hindistondagi “Pratap University Jaipur” universiteti bilan talabalarning mobil almashinuv dasturini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi qoshidagi Ayollar tashkiloti o‘rtasida ikki davlat tadbirkor ayollari o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish va yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling