Haydovchilar 17 ta kasallik holatida xavfsizlik kamaridan ozod qilinishi mumkin — Sog‘liqni saqlash vazirligi loyihasi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vazirligi Salomatligi sababli xavfsizlik kamarini taqish mumkin bo‘lmagan kasalliklar va holatlar ro‘yxati loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qildi.
Unga ko‘ra, jami 17 ta kasallik va holatda xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi: Umrov va to‘sh suyagi sinishi, yelka kamari sinishi, qovurg‘alar sinishi, umurtqa pog‘onasining kompression sinishi, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich), bronxial astma (IV bosqich), o‘pkaning interstitsial zararlanishi, o‘pkaning bir qismi yoki butun qismini (chap yoki o‘ng) olib tashlanishi, surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi, III darajali (morbid) semizlik (BMI ≥ 40), past bo‘ylik (nanizm) — 150 sm dan past, qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar, terining ko‘krak qismida joylashgan og‘ir allergik yoki dermatologik kasalliklarining og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz), ko‘krak yoki yelka sohasida protez yoki implantlar qo‘yilishi, ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘iga o‘tkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar, stomalar (sunʼiy chiqish yo‘li) qo‘yilishi, ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (o‘sma), homiladorlik holati kiradi.
Hujjat hali kuchga kirgani yo‘q. Ushbu kasalliklar bilan kasallanganligi bo‘yicha “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali shakllantirilgan QR-kodli (shtrixli kod) elektron tibbiy maʼlumotnomalar fuqaro biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tomonidan beriladi.
Tibbiy maʼlumotnomaning amal qilish muddati olti oy.