Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi

Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi

Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–47-son, 25.03.2026 y.) qabul qilindi.

Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilish;

PM2.5 va PM10 kabi zararli zarrachalarning konsentratsiyasini 20–25 foizga kamaytirish, iqlim sharoiti og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5–2°C gacha pasaytirish imkoniyatini yaratish.

Farmonga ko‘ra, dendrologiya bog‘lari maqomiga ko‘ra botanika bog‘lariga tenglashtiriladi.

Botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlari, istisno tariqasida, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Botanika va dendrologiya bog‘larining yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ikkilamchi ijaraga berish, ularning hududlarini qisqartirish qatʼiy taqiqlanadi.

3 oy muddatda “Yashil chipta” tizimi joriy qilinadi. Bunda samolyot, poyezd, metro va taksi yo‘nalishlarida marshrutning karbon izini (taʼsirini) aniqlash va foydalanuvchilarga marshrutning tabiatga taʼsirini “yashil chipta” sotib olish orqali kompensatsiya qilish imkoni beriladi.

Ishlab chiqariladigan, saqlanadigan, ichki va tashqi bozorda realizatsiya qilinadigan mahsulotlar uchun ishlab chiqarish, saqlash va logistika jarayonlaridagi karbon izini hisoblab, xaridorga mahsulotning atrof-muhitga taʼsirini ixtiyoriy ravishda kompensatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Karbon izi (taʼsiri) Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan qo‘llanmaga muvofiq avtomatik ravishda aniqlanadi.

“Yashil chipta” olish orqali tabiatga yetkazilgan zarar kompensatsiyasidan tushgan mablag‘lar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasiga o‘tkaziladi hamda faqat daraxt ko‘chatlarini ekish va ularni parvarishlash tadbirlariga yo‘naltiriladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslarni quyidagicha rag‘batlantirish vakolatlari beriladi:

kamida 100 ta daraxt ko‘chatlarini ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun “Yashil xayriya jamg‘armasi” platformasiga kamida 10 mln so‘m hadya qilgan shaxsga “Ekofaol fuqaro” maqomini berish;

kamida 1000 ta daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil qilgan yoki “Yashil xayriya jamg‘armasi” platformasiga kamida 100 mln so‘m hadya qilgan tadbirkorlarga “Ekohamkor” maqomini berish:

bunda tadbirkorlarga ushbu maqomdan o‘z faoliyatini reklama qilishda foydalanish huquqi beriladi;

Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda ekofaoliyat va ekoaksiyalarni tashkil qilish holatlarini reklama qilish reklama qonunchiligini buzish deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi;

50 mingdan kam bo‘lmagan daraxt ko‘chatlari ekilishini taʼminlagan yoki “Yashil xayriya jamg‘armasi” platformasiga kamida 5 mlrd so‘m hadya qilgan shaxslarga metsenat maqomini berish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parkini o‘z hisobidan barpo qilgan shaxslarga “Kelajak bunyodkori” davlat mukofotini berish bo‘yicha taklif kiritish.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling