Valyuta kurslari 09/07/2025
$1 – 12712.09
UZS – 0,28%
€1 – 14927.81
UZS – 0,36%
₽1 – 162.64
UZS – 1,0%
Qidirish
Madaniyat 08/07/2025 Gyunay Efendiyevaga «O‘zbekiston madaniyati yelchisi» unvoni va medali topshirildi

Gyunay Efendiyevaga «O‘zbekiston madaniyati yelchisi» unvoni va medali topshirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati, Madaniyat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Gyunay Efendiyeva «O‘zbekiston madaniyati yelchisi» faxriy unvoni va medali bilan taqdirlandi.

Tantanali taqdirlash marosimi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Mukofotni O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tantanali ravishda topshirdi.

Marosimda so‘zga chiqqan vazir taʼkidladiki, Prezident topshirig‘iga asosan, o‘zbek madaniyatini xorijda targ‘ib qilish va rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan u Gyunay Efendiyevaning O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilishdagi xizmatlarini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida, Gyunay Efendiyeva unga ko‘rsatilgan yuksak eʼtibor va faoliyatiga berilgan baho uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.

U taʼkidladiki, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash doim uning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lgan, va kelgusida ham ikki do‘st xalq o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga faol hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv doirasida tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini, jumladan, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan rejalashtirilayotgan tadbirlarga tayyorgarlik masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, ikki xalq o‘rtasidagi mustahkam madaniy va tarixiy rishtalar kelgusida ham mustahkamlanib, samarali hamkorlik asosi bo‘lib qolishiga ishonch bildirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling