Gruziya delegatsiyasi O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini ko‘zdan kechirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri texnoparki maydonida bo‘lib o‘tayotgan sammit doirasida Gruziya Respublikasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligi huzuridagi Tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini tartibga solish davlat agentligi hamda ushbu vazirlik vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov mehmonlar bilan suhbat chog‘ida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining joriy holati va “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri loyihasi doirasida investorlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.
Tomonlar farmatsevtika sohasidagi taʼlim tizimi va PTU universiteti faoliyati, regulyator tizimlar va standartlar, jumladan EU GMP, US GMP/FDA, PIC/S aʼzoligi, referent narx belgilash hamda parallel import masalalari yuzasidan fikr almashdilar.