Gruziya bilan to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlik jadal rivojlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 24-26-fevral kunlari “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari A. Sodikov boshchiligidagi ishchi guruh Gruziya davlatiga tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif davomida qator kompaniyalar bilan uchrashuv va muzokaralar amalga oshirildi. Jumladan, Gruziyaning “Makratelli”, “Situationist”, “BOLDI” va “Maroma Collection” to‘qimachilik kompaniyasi bilan mato va gazlama yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, “Overdose” kompaniyasi bilan muzokaralar yakuni bo‘yicha xorij tomoni taqdim etgan model asosida tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rishga kelishib olindi.
Gruziyada to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida, tashrifning ikkinchi kunida “Poti” erkin iqtisodiy zonasiga o‘zbek korxonalari bilan tashrif tashkil etildi.
Unda “EIZ” hududida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi, shu bilan birga, mazkur hududda joylashgan “Fargin Textile” va “Poti Textile” korxonalari bilan istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Trikotaj mato yetkazib berish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda Yevropa mamlakatlariga eksportni yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shu bilan birga, Tbilisi shahrida “Poti EIZ”ning Investitsiya bo‘yicha direktori Tamar Khetsadze bilan mazkur hududda soliq imtiyozlari, eksport va import uchun yaratilgan imkoniyatlar, faktoring va qo‘shma korxona tashkil etish salohiyati bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkazildi va uchrashuv yakunlariga ko‘ra xorij tomon investorlar uchun yaratilgan barcha imkoniyatlar bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar taqdim etishga kelishildi.
Bundan tashqari, Tbilisi shahri turistik salohiyati yuqoriligini inobatga olgan holda, o‘zbek to‘qimachilik kompaniyasi “Imperiya teks” o‘z savdo do‘koni va omborxona Tbilisi shahrida tashkil etish istagini bildirdi.
Bunda, mazkur omborxona va savdo do‘konining xarajatlari “Savdoni Rivojlantirish kompaniyasi” orqali qoplanishi va mazkur do‘konga “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar o‘z mahsulotlarini joylashtirish imkoniyati yaratish yuzasidan takliflar tayyorlanmoqda.