Gree Electric Appliances kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishdan manfaatdor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 21-may kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoy Xalq Respublikasining Gree Electric Appliances kompaniyasining Markaziy Osiyo va Ukraina bozorlari direktori Jing Suyan bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda Xitoy kompaniyasiga Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, joriy qilingan soliq va bojxona imtiyozlari, sanoat zonalarida yer uchastkalari ajratilishi va infratuzilmaviy imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Delegatsiya vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, mamlakatimizda ham ichki, ham tashqi bozorga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga katta qiziqish bildirdilar. Tomonlar muhokama qilingan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettiradi.
Gree Electric Appliances kompaniyasi 1991 yilda Xitoyning Chjuxay shahrida tashkil etilgan. U maishiy konditsionerlar va maishiy texnika ishlab chiqaruvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir. Korxona o‘z mahsulotlarini 160 dan ortiq mamlakatlarga eksport qiladi, 14 ta ishlab chiqarish bazasiga, 36 mingdan ortiq patentga ega va 80 mingdan ortiq kishini ish bilan ta’minlaydi.