Valyuta kurslari 08/10/2025
$1 – 12038.68
UZS – 0,13%
€1 – 14044.32
UZS – 0,13%
₽1 – 146.62
UZS – 1,29%
Qidirish
Giyohvandlik vositalari ichimliklar, quvvatlantiruvchi ozuqalar, qahva, shirinliklar tarkibida ham uchramoqda

Giyohvandlik vositalari ichimliklar, quvvatlantiruvchi ozuqalar, qahva, shirinliklar tarkibida ham uchramoqda

Giyohvandlik vositalari ichimliklar, quvvatlantiruvchi ozuqalar, qahva, shirinliklar tarkibida ham uchramoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Insoniyat duch kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri – bu giyohvandlik. Turli yoshdagi kishilar, ayniqsa, yoshlar orasida narkotik moddalarni isteʼmol qilish holatlari tobora ko‘payib bormoqda, deb UzA xabar beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi katta inspektori Muhammadqodir Mahmudov giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanishi va yoshlar orasida tarqalishi holatlari haqida so‘zlab berdi: 

– Narkotiklar taʼsiriga bilib-bilmay tushib qolgan yoshlar hayoti, kelajagi barchani birday o‘ylantiradi, albatta. Bunday tubsiz jar tomonga borayotganlar nafaqat yaqinlari, balki jamiyat uchun ham zarar keltirishi shubhasiz. 

Zamon taraqqiy etgani, texnologiya va internet rivojlanib borgani sayin giyohvandlik vositalari tarqatuvchilar ham savdo ko‘rinishini o‘zgartirib, murakkablashtirib bormoqda. Avval qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan og‘u bugun nomaʼlum lokatsiyalar va noaniq shaxslar tomonidan tarqatilmoqda. 

Yurtimizda yashirincha yo‘llar bilan ochilgan narkolaboratoriyalarda minglab zahri qotil dozalarini yaratayotganlarni ham, ularga buyurtma berayotganlarni ham aniqlash mushkullashib borayotgani vaziyatni yana-da og‘irlashtirmoqda.

Shuni ham taʼkidlash joizki, bugun narkotiklarning shakli ham o‘zgarib bormoqda. Avvallari giyohvandlik vositalari tabiiy ko‘rinishda uchragan bo‘lsa, bugungi kunda turli mahsulotlar tarkibida, jumladan, ichimliklar, quvvatlantiruvchi ozuqalar, qahva, shirinliklar va shu kabi mahsulotlar tarkibida uchrayotgani dahshatlidir. Bitta isteʼmoldayoq o‘ziga qaram qiluvchi vositalar jins, yosh, ijtimoiy qatlam tanlamayapti. 

Noqonuniy, yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanayotgan preparatlar esa yuqoridagilardanda xavfliroqdir. Hattoki, bitta doza isteʼmoli o‘lim bilan yakun topishi ham mumkin. Raqamlarga nazar solsak, 2024 yil davomida 5 ta, 2025 yil 6 oyida esa 8 ta narkolaboratoriya aniqlangan. 

Muammoning yana bir xavfli tomoni – ota-onalar ish va boshqa muammolar bilan bo‘lib, farzandlarining og‘u taʼsiriga tushib qolganidan xabarsiz qolmoqda. Sababi, bugungi narkotiklar avvalgisi kabi o‘zini tezda namoyon qilmaydi. 

Ilgari “narkoman” deganda, ko‘z osti qoraygan, tomirlarida igna izlari bor odamlar tushunilgan. Hozir esa narkotik isteʼmol qilgan yoshlar haddan ortiq serharakat, faol va sergak bo‘lib qoladi. Bu esa ota-onalarni shubhalantirmasligi turgan gap. Boladagi ijobiy o‘zgarish barchani mamnun qilib, uning biror modda isteʼmol qilishi mumkinligi hech kimning hayoliga ham kelmaydi. Ammo bu vaqtincha holat. Vaqt o‘tishi bilan paydo bo‘lgan og‘riqlar, azoblar va ruhiyatdagi keskin o‘zgarish ayrim yoshlarni suitsidga boshlayotgani ayanchlidir. 

Giyohvandlik vositalarining isteʼmoli ortgani sari narkojinoyatlar soni ham oshib bormoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarining saʼy-harakati natijasida joriy yilda aniqlangan narkojinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshgan. 

Narkotiklarni sotishni kasb qilganlar narkokuryer sifatida talabalarni tanlayotgani kuzatilmoqda. Oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan va kelajakda bir kasbning egasi bo‘lishi kutilayotgan yoshlarning boshi berk ko‘chaga kirayotgani ularning hayotini salbiy tomonga o‘zgartirayotgani dolzarb muammodir. Joriy yil 6 oyida 46 nafar oliy o‘quv yurti talabasi narkojinoyatlarning oldi-sotdisiga aralashib qolgani shuni ko‘rsatib turibdi. 

Xulosa qilib aytganda, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanish ham, unga qaramlikning oqibati ham ayanchlidir. Shu sababli, har birimiz, ayniqsa, ota-onalarimiz ogoh bo‘lishi, farzandlariga befarq bo‘lmasligi maqsadga muvofiq. 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling