G‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini baholash takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Respublikada g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini baholash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (597-son, 19.09.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash bekor qilinadi.
Ushbu toifalardagi g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligi Hukumatning 2017 yil 25 apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament talablari asosida baholanadi.
Elektr dvigatellar bilan jihozlangan g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligi baholanmaydi.