Valyuta kurslari 09/01/2026
$1 – 12109.02
UZS – 0,63%
€1 – 14139.70
UZS – 0,56%
₽1 – 150.31
UZS – 0,68%
Qidirish
GIGA: O‘zbekiston – MDHda maktablar internetini deyarli to‘liq onlayn monitoring qilayotgan ilk mamlakat

GIGA: O‘zbekiston – MDHda maktablar internetini deyarli to‘liq onlayn monitoring qilayotgan ilk mamlakat

GIGA: O‘zbekiston – MDHda maktablar internetini deyarli to‘liq onlayn monitoring qilayotgan ilk mamlakat

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligi, UNICEF hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida O‘zbekistonda xalqaro GIGA tashabbusi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

GIGA tashabbusi 2019-yilda BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va Xalqaro elektr aloqasi uyushmasi (ITU) tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — dunyoning har bir maktabini internetga ulash va barcha o‘quvchilar uchun teng raqamli ta’lim imkoniyatlarini yaratishdan iborat. Bugungi kunda loyiha 30 dan ortiq mamlakatda amalga oshirilmoqda va global miqyosda raqamli ta’lim infratuzilmasini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston GIGA tashabbusining yetakchi ishtirokchilaridan biri sifatida tan olingan bo‘lib, Markaziy Osiyoda uning eng samarali amalga oshirilish modeli sifatida e’tirof etilmoqda. Tizimli yondashuv va davlat idoralari hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida mamlakat qisqa vaqt ichida salmoqli natijalarga erishdi.

Jumladan, 2021-yilda respublika bo‘ylab 10 098 ta umumta’lim maktabi internet tarmog‘iga ulandi, bu esa mamlakatdagi deyarli barcha maktablarni qamrab olish imkonini berdi. Natijada O‘zbekiston dunyo miqyosida eng tez fursatda barcha maktablarini internetga hamda GIGA platformasiga ulagan davlatlardan biri, MDH davlatlari orasida esa barcha maktablari to‘liq onlayn ko‘rsatiladigan darajaga chiqqan ilk mamlakatlardan biri sifatida qayd etilmoqda.

Loyiha doirasida hozirgi kunda 10 417 ta maktab bo‘yicha ma’lumotlar tahlil qilinib, maktablarning geografik joylashuvi, umumiy ma’lumotlari hamda internet tezligi, barqarorligi va mavjudligi bo‘yicha real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi yagona onlayn monitoring tizimi joriy etildi.

GIGA platformasidagi interaktiv xarita orqali har bir maktab haqida aniq geografik koordinatalar, joylashgan hududi, nomi, o‘quvchilar va o‘qituvchilar soni kabi muhim ma’lumotlar ochiq va shaffof tarzda aks ettirilmoqda. Bu ma’lumotlar ta’lim muassasalarini internet bilan ta’minlash holatini baholash, tahlil qilish va raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida GIGA rahbariyati bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. GIGA delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi va ICT WEEK 2025 tadbiridagi faol ishtiroki ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamladi hamda O‘zbekiston tajribasining xalqaro maydonda keng targ‘ib etilishiga xizmat qildi.

Kelgusida esa loyiha qamrovini kasalxonalar, poliklinikalar, madaniy va jamoat muassasalari kabi ijtimoiy ob’ektlarga kengaytirish rejalashtirilgan. Bu chora-tadbirlar mamlakat bo‘ylab barqaror va xavfsiz internet muhitini yaratish, yagona raqamli ekotizimni shakllantirish hamda raqamli jamiyat sari izchil ilgarilashni ta’minlaydi.

O‘zbekiston GIGA tashabbusini amalga oshirishda yetakchi, innovatsion va namunali davlat sifatida xalqaro maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling