Germaniyada Oʻzbekiston mahsulotlarining birinchi rasmiy savdo uyi va koʻrgazma zali ochildi
Germaniyada Oʻzbekiston mahsulotlarining birinchi rasmiy savdo uyi va koʻrgazma zali ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Germaniya poytaxti Berlin shahri markazida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi hamda nemis ishbilarmonlari tashabbusi bilan yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar taqdim etiladigan “UZ Trade House Germany” ilk savdo uyi va shou-rumi tantanali ravishda ochildi.
Savdo uyi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Germaniya Federativ Respublikasidagi rasmiy vakolatxonasi sifatida faoliyat yuritadi.
Shou-rum Berlinning qoq markazida — “Brandenburg darvozasi” yonidagi eng nufuzli mehmonxonalardan biri “Adlon” binosida joylashgan bo‘lib, unda O‘zbekistonning to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika va boshqa sanoat tarmoqlari bo‘yicha eksportbop mahsulotlari doimiy ravishda namoyish etiladi.
Shu munosabat bilan 2 dekabr kuni Germaniya rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari hamda vatandoshlarimiz ishtirokida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi D.Axatov, Germaniya kichik va o‘rta biznes federal uyushmasi rahbari A.Yan, Germaniya Bundestagining Iqtisodiyot va energetika qo‘mitasi aʼzosi S.Lyudvig, shuningdek “UZ Trade House Germany” savdo uyi rahbari J.Bakos nutq so‘zladilar.
Endilikda yurtimiz firma va kompaniyalari savdo uyi bilan hamkorlik o‘rnatib, nafaqat mahsulotlarini Germaniya va boshqa nemiszabon mamlakatlarga eksport qilishlari, balki xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishlari ham mumkin bo‘ladi.
Savdo uyi direktori J.Bakosning taʼkidlashicha, “UZ Trade House Germany” O‘zbekistonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Germaniya bozoriga yetkazib berishda o‘zbek va nemis kompaniyalari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi hamda ikki davlat biznes vakillari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.