Gaz taʼminoti odatdagi tartibda amalga oshmoqda — “Hududgazta’minot”
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Hududgazta’minot” AJ ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “metan zapravkalarga limit qoʻyilmoqda, ular faoliyati toʻxtatilishi mumkin” haqidagi xabarlarni rad etdi. Kompaniya bu xabarlar mutlaqo asossiz ekanligini ta'kidladi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida gaz taʼminoti tizimidagi ayrim gaz taqsimlash stansiyalarida texnik-profilaktika ishlari amalga oshirilgan, deb xabar berdi “Hududgazta’minot”.Taʼmirlash ishlari olib borilgan vaqtda gaz bosimi pasaygani sababli ayrim metan zapravkalar faoliyatida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilgan.
"Vaqtinchalik noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr soʻraymiz. Hozirda respublika boʻyicha “metan zapravkalar” belgilangan tartibda faoliyat yuritmoqda. Tabiiy gaz ularga gaz taʼminoti korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida yetkazib berilmoqda.", — deyiladi kompaniya xabarida.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon yoki tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatish orqali aholi orasida sarosima va shubha uygʻotish holatlari qonun bilan taqiqlangani, hamda bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilangani eslatib oʻtdi.