Gayane Umerova Ar-Riyoddagi Diriyah zamonaviy san’at biennalesi 2026 ochilishida ishtirok etdi
Gayane Umerova Ar-Riyoddagi Diriyah zamonaviy san’at biennalesi 2026 ochilishida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Riyod shahrida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova uchinchi bor o‘tkazilayotgan 2026-yilgi “Diriyya” zamonaviy san’at biyennalesining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Mazkur muhim madaniy tadbir munosabati bilan Gayane Umerova ushbu yirik tashabbusni amalga oshirayotgan rahbariyatni samimiy muborakbod etdi. Jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligi Madaniyat vaziri shahzoda Badr bin Abdulloh bin Muhammad bin Farhon Ol Saudni, Madaniyat vaziri o‘rinbosari Rakan Al-Tuqni hamda “Diriyya” biyennalesi bosh ijrochi direktori Aya Ol-Bakriyni alohida e’tirof etdi.
Qirollikning eng faol va zamonaviy ijodiy makonlaridan biri bo‘lgan JAX hududida o‘tkazilgan biyennale doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar va sahna namoyishlarini o‘z ichiga oldi. “Diriyya” biyennalesi jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan joriy biyennale 37 mamlakatdan 65 nafardan ortiq san’atkorni bir maydonga jamladi. “Intermediya va o‘zgarishlar” mavzusi ostida o‘tayotgan ushbu nufuzli anjuman harakat, migratsiya va madaniy evrilishlar kabi bugungi kun uchun dolzarb masalalarni teran va mushohadali ruhda talqin etmoqda.