“G‘afur G‘ulom” metro bekatida ayol farzand ko‘rdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent metropolitenida g‘ayrioddiy va ta’sirli hodisa yuz berdi: to‘g‘ridan-to‘g‘ri G‘afur G‘ulom bekatida ayol farzandini dunyoga keltirdi, deb xabar berdi “Toshkent” metropoliteni matbuot xizmati.
Boshqarma maʼlumotlariga koʻra, poyezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi xodima — Maxamadjonova Naimaga xizmat davomida bekat o’tish yo‘lagidagi ichki ishlar xodimi tomonidan yo’lovchi ayolning holati bo’yicha xabar berilgan.
Bir lahzada vaziyatni to‘g‘ri baholagan Naima Maxamadjonova xizmat davomida oʻziga oʻrgatilgan maxsus bilimlar va koʻnikmalarni ishga solgan holda birinchi yordam ko‘rsatib, voqea joyida ayolning farzandini sog‘-omon dunyoga keltirishiga yaqindan ko‘maklashdi hamda chaqaloq sogʻligi uchun kerakli yordamlarni (kindik qismi bogʻlanib, yangi tugʻulgan chaqaloq nafas olish refleksini faollashtirgan) koʻrsatgan, deya xabar beradi matbuot xizmati.
Shundan so‘ng stansiya xodimlari tez yordam va ayolning yaqinlarini chaqirgan. Taxminan o'n daqiqadan so'ng tibbiy guruh yetib keldi. Shu vaqtgacha metropoliten xodimlari ona va bolani kuzatib, ularning xavfsizligi va qulayligini ta’minlagan.
“Ona va yangi tug‘ilgan chaqaloqning ahvoli qoniqarli. Ular keyingi kuzatuv uchun shifoxonaga yetkazildi”, — deyiladi metro matbuot xizmati xabarida.