Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim tashabbuslar muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 30-aprel kuni Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yilning mart–aprel oylarida respublika bo‘ylab amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalari va fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
O‘rganishlar davomida ishchi guruh aʼzolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib, 100dan ortiq mahalliy Kengash deputatlari hamda 600dan ziyod tuman deputatlari ishtirokida aholi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish, ekologik muammolarni bartaraf etish, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, aholining bandligi va ijtimoiy himoyasi kabi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Parlament komissiyasi majlisida ushbu masalalar chuqur tahlil qilinib, ayrim muammolar tegishli ijro organlari bilan hamkorlikda hal etilgani, erishilgan natijalar vaqtincha emas, balki tizimli va barqaror bo‘lishi lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish va manfaatdor tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Majlis davomida hududlar kesimida aniqlangan ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni bartaraf etishga qaratilgan davlat grantlari eʼlon qilinishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu grantlar aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va sanitar-gigiyenik holatni yaxshilash, taʼlim, madaniyat va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Grant tanlovlari va barcha tegishli jarayonlar ngo.gov.uz yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari ushbu platforma orqali o‘z loyihalarini taqdim etish, baholash jarayonini kuzatish va muhokamalarda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, majlisda qator davlat tashkilotlarining ijtimoiy buyurtmalari, nodavlat notijorat tashkilotlarining ustav faoliyati bo‘yicha murojaatlari va amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.