Fransiya va Fargʻona viloyati taʼlim va vinochilik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Fransiya va Fargʻona viloyati taʼlim va vinochilik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrif bilan kelgan Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Valid Fuk tashrif dasturi doirasida bugun viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida so‘nggi yillarda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida turli soha va yo‘nalishlarda hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar nafaqat tarmoqlar, balki hududlar kesimida ham hamkorlikni kengaytirishga mustahkam zamin yaratayotgani qayd etildi.
Muloqotda Fransiyaning “Poma” kompaniyasi Farg‘onada turizm komplekslarini barpo etishda faol ishtirok etayotgani misol sifatida keltirildi. Shuningdek, vinochilik sohasida ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani aytildi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, shuningdek, boshlang‘ich va oliy ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Elchi Valid Fuk vinochilik sohasini rivojlantirishda Fransiya tajribasini ommalashtirish, zamonaviy uzumchilik va vinochilik texnologiyalarini joriy etish orqali mahsulotlar eksportini kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda festival o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Fransiya oliy ta’lim muassasalariga o‘zbek talabalarini, ayniqsa magistratura bosqichida kengroq jalb etish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.
Bu borada Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, fransuz tiliga ixtisoslashgan maktablar tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi. Jumladan, Farg‘onada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan vinochilik festivaliga fransuz ishbilarmonlarini taklif etish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Farg‘ona vodiysi va unga chegaradosh hududlar bilan birodarlashgan shaharlar doirasida ham yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida chora-tadbirlar belgilandi.