Foshanda amaliy natijalar: Sirdaryo uchun yangi sanoat va agroloyihalarga yo‘l ochildi

Foshanda amaliy natijalar: Sirdaryo uchun yangi sanoat va agroloyihalarga yo‘l ochildi

Foshanda amaliy natijalar: Sirdaryo uchun yangi sanoat va agroloyihalarga yo‘l ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Foshan shahrida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 30 dan ortiq yetakchi kompaniya rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuvda sanoat, qurilish materiallari, mebelsozlik, logistika va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda aniq hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

“Guangdong Yilong Technology”, “Guangdong Fuxuan Doors and Windows”, “Guangdong Wire and Cable”, “Guangdong New Materials”, “Wrigley Home Furnishing”, “Guangdong Camp Integrated Housing”, “Hisense Marketing Management”, “Foshan Karin Furniture” va boshqa qator yirik kompaniyalar ishtirok etgan muloqotlar amaliy ruhda o‘tdi.

Shuningdek, “Louvre Group” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mebelsozlik, savdo infratuzilmasi va mehmonxona biznesi sohalarida hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Dunyo miqyosida nufuzga ega bo‘lgan ushbu kompaniya vakillari yaqin oylarda viloyatga tashrif buyurib, qo‘shma loyihalarni joyida o‘rganadi.

“Arrow Group” bilan muzokaralarda santexnika va hammom jihozlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Kompaniya vakillarining O‘zbekistonga amaliy tashrifi orqali ushbu rejalarni tezlashtirishga kelishildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, qayta ishlash sanoati, agrologistika tizimlari, zamonaviy baliqchilik va parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etish, bog‘dorchilikni rivojlantirish hamda mini texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik loyihalari kelishib olindi.

Shu bilan birga, ko‘cha yoritish tizimlarini zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va joriy etish bo‘yicha ham aniq kelishuvlarga erishildi.

Eng muhimi barcha muzokaralar quruq bayonot bilan cheklanib qolmadi. Har bir uchrashuv amaliy natija, aniq reja va belgilangan qadamlar bilan yakunlandi. Foshandagi muloqotlar Sirdaryoda yangi ishlab chiqarishlar, qo‘shma korxonalar va minglab ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling