FOLUR–O‘zbekiston loyihasi Boshqaruv kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
FOLUR–O‘zbekiston loyihasi Boshqaruv kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” (FOLUR–O‘zbekiston) loyihasi doirasida Loyiha boshqaruv kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, FAO, shuningdek loyiha hamkorlari — Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) hamda Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) vakillari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha Global ekologik jamg‘arma (GEF) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda hamda O‘zbekistonda barqaror yer resurslarini boshqarishni rivojlantirish, oziq-ovqat tizimlarini takomillashtirish va degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklashga qaratilgan.
Yig‘ilish davomida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi taqdim etildi hamda yillik ishchi reja, byudjet va loyiha faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar muhokama qilindi. Shuningdek, loyiha doirasida amalga oshirilgan xarajatlar tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor faoliyatlar bo‘yicha rejalarga kelishib olindi.
Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bir qator amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xalqaro tender asosida Braziliyada ishlab chiqarilgan 6 dona yerga ishlov bermasdan urug‘ ekish (no-till) seyalka xarid qilinib, tanlab olingan hududlardagi fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi.
Shuningdek, loyiha doirasida qishloq hududlarida yashovchi aholining barqaror daromad manbalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 85 ta xonadonga kichik issiqxonalar qurib berildi. Bundan tashqari, 73 nafar fuqaroga motokultivatorlar, 6 nafar fuqaroga o‘rim uskunalari taqdim etildi.
Hududlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish maqsadida tomorqa yer egalari va fermer xo‘jaliklariga tomchilatib sug‘orish hamda yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari, bioo‘g‘itlar yetkazib berildi. Shuningdek, loyiha doirasida tanlab olingan hududlardagi fermer xo‘jaliklari va qo‘shni xo‘jaliklarga 60 tonnaga yaqin qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari (bug‘doy, no‘xat, zig‘ir, mosh, kunjut, kungaboqar va boshqa ekinlar) yetkazib berildi hamda 320 tonna urug‘ ishlab chiqarilib fermerlarga tarqatildi.
Shuningdek, loyiha doirasida suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan innovatsion yechimlar ham joriy etilmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi uchun qo‘shimcha suv manbaini yaratish maqsadida “Ice Stupa” texnologiyasi asosida sun’iy muzliklar barpo etildi. Mazkur texnologiya qish mavsumida suvni muz shaklida saqlash va bahor-yoz oylarida uning asta-sekin erishi orqali sug‘orish uchun qo‘shimcha suv manbaini ta’minlash imkonini beradi. Ushbu tajriba iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarishning innovatsion yondashuvi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yig‘ilish davomida loyiha doirasida o‘tkazilgan xalqaro tadbirlar, hududlarda tashkil etilgan seminar va treninglar hamda tajriba almashish tashabbuslari haqida ham ma’lumot almashildi. Ushbu muhokamalar hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, loyiha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish hamda O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini boshqarish sohasidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga xizmat qildi.
Yig‘ilish yakunida loyiha doirasida amalga oshiriladigan keyingi bosqichdagi ustuvor faoliyatlar yuzasidan kelishuvga erishildi hamda FAO va milliy hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi qayd etildi.