FlyArystan Almati–Samarqand yo‘nalishida parvozlarni tikladi
FlyArystan Almati–Samarqand yo‘nalishida parvozlarni tikladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 17 mart kuni Samarqand xalqaro aeroportida FlyArystan loukoster aviakompaniyasining «Almati – Samarqand – Almati» yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysini ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli Talgat Sharipov, FlyArystan va Air Marakanda kompaniyalari rahbariyati, shuningdek rasmiy mehmonlar, hamkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qozog‘iston Bosh konsuli mazkur reysning qayta yo‘lga qo‘yilishi ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turistik, taʼlimiy va madaniy aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Samarqand – Almati reysining birinchi yo‘lovchisiga “FlyArystan” kompaniyasidan bepul aviachipta sertifikati topshirildi, Air Marakanda esa CIP-zaldan foydalanish imkoniyatini taqdim etdi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi, bu esa Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik shaharlari o‘rtasida biznes, turizm va ilmiy-taʼlimiy almashinuvni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.