“Fitch” xalqaro reyting agentligi Oʻzbekiston kredit reytingini “BB-” dan “BB” darajasiga oshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26-iyun kuni "Fitch" xalqaro reyting agentligi tomonidan Oʻzbekiston suveren kredit reytingiga bagʻishlangan navbatdagi hisobot eʼlon qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston suveren kredit reytingi bahosi 2018-yildan beri ilk bora "BB-"dan bir pogʻona yuqoriga, "BB" darajasiga oshirildi va reyting kutilmasi barqaror darajada tasdiqlandi.
Qayd etish lozimki, joriy yilning 23-may kuni “S&P” reyting agentligi va 13-iyun kuni “Moodyʻs” reyting agentligi Oʻzbekiston suveren kredit reytingi bahosi kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirgan edilar.
Natijada, suveren xalqaro obligatsiyalarimizning ikkilamchi bozordagi foiz stavkalari oʻrtacha 0,5 foizga pasaydi hamda davlat korxonalari (NKMK, Oʻzbekneftegaz, Oʻzagrosugʻurta, Oʻzbekinvest) va banklari (Milliybank, Asakabank, Agrobank, Mikrokreditbank) kredit reytinglari kutilmalari ham “ijobiy”ga oshirildi.
Shuni taʼkidlash lozimki, joriy yilning 27-29-may kunlari “Fitch” tahlilchilari Toshkentga tashrifi davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Milliy statistika qoʻmitasi va boshqa idoralar vakillari, shuningdek, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining vakillari bilan respublikadagi makroiqtisodiy holat va amalga oshirilayotgan islohotlarni batafsil muhokama qildilar.
“Fitch” hisobotiga koʻra Oʻzbekiston suveren kredit reytingining “BB” darajasigacha oshirilishi respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning jadallashuvi va oʻrta muddatli istiqbolda barqaror iqtisodiy oʻsish tufayli makroiqtisodiy xatarlarning jilovlanishi va tarkibiy koʻrsatkichlarning yaxshilanib borishi yuzasidan kutilmalarni aks ettiradi.
Jumladan, energetika tariflarini liberallashtirilishi natijasida 2024-yilda budjet taqchilligining 3,3 foizgacha pasayishi hamda energetika sohasiga subsidiyalarning kamayishi alohida eʼtirof etilgan.
“Fitch” tomonidan 2025-2026-yillarda budjet taqchilligi 3 foizdan oshmasligi hamda budjet daromadlarining oshishi qoʻshimcha fiskal bufer yaratishi qayd etilgan.
Agentlik tomonidan davlat korxonalarini isloh qilish jadallashgani, jumladan davlat korxonalari soni qisqargani, 18 ta korxonalardagi davlat ulushi Milliy investitsiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgani hamda korxonalar boshqaruvi va mustaqilligini oshirish choralariga alohida eʼtibor qaratilgan.
“Fitch” tomonidan davlat qarzi (davlat kafolatlari inobatga olinmagan) hajmi 2025–2026-yillarda yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 32 foiz atrofida saqlanishi prognoz qilingan. Davlat qarzining 89 foizi xorijiy valyutada boʻlsada, davlat tashqi qarzi asosan imtiyozli shartlarda jalb qilingan kreditlardan iboratligi ijobiy baholangan.
Agentlik Oʻzbekistonda 2025–2026-yillarda iqtisodiy oʻsishni oʻrtacha 6,3 foiz darajasida prognoz qilmoqda. Shuningdek, 2025-yilning birinchi choragida iqtisodiy oʻsish 6,8 foizni tashkil etgani qayd etilgan.
Hisobotda respublikaning xalqaro zaxiralari hajmi oltin narxining oshishi tufayli 2024-yil yakunidagi 41 mlrd AQSH dollaridan 2025-yil 1-iyun holatiga 49.7 mlrd AQSH dollarigacha oshgani va 2025–2026-yillarda joriy operatsiyalar hisobi toʻlovini qoplash darajasi 10 oydan yuqori boʻlishi kutilayotgani aytilgan.
Shu bilan birga, hisobotda Markaziy bankning inflatsiya boʻyicha 5 foizlik marrasiga erishish choralarini koʻrayotgani qayd etilgan hamda inflatsiya darajasi 2026-yilda oʻrtacha 7 foizgacha sekinlashishi prognoz qilingan
“Fitch” tomonidan depozitlarning dollarizatsiya darajasi 2020-yil boshidagi 40 foizdan 2025-yil mart oyida 24,5 foizga pasaygani qayd etilgan.
“Fitch”ga koʻra, Oʻzbekiston suveren kredit reyting bahosi quyidagi hollarda oshiriladi:
• tarkibiy islohotlar jadallashishi natijasida makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlanishi, yuqori iqtisodiy oʻsish saqlanishi hamda fiskal koʻrsatkichlarga ijobiy taʼsir koʻrsatishi;
• past budjet taqchilligi taʼminlanishi natijasida oʻrta muddatda davlat qarzi barqaror darajada saqlanishi;
• boshqaruv sifati sezilarli va barqaror ravishda yaxshilanishi.
Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:
• xom-ashyo tovarlari narxlarining doimiy pasayishi sababli tashqi savdo taqchilligining oshishi yoki pul oʻtkazmalarining kamayishi kabi omillar tufayli xalqaro zaxiralar sezilarli darajada kamayishi;
• past iqtisodiy oʻsish, budjet taqchilligining oshishi, valyuta kursining keskin qadrsizlanishi yoki davlat shartli majburiyatlarining davlat tomonidan qoplanishi tufayli davlat qarzining keskin oshishi yoki fiskal buferlar kamayishi.