Valyuta kurslari 31/10/2025
$1 – 12025.22
UZS – 0,29%
€1 – 13969.70
UZS – 0,07%
₽1 – 149.36
UZS – -0,9%
Qidirish
Finlyandiyaning “Valtra” kompaniyasi bilan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi

Finlyandiyaning “Valtra” kompaniyasi bilan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi

Finlyandiyaning “Valtra” kompaniyasi bilan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Finlyandiyaning mashhur “Valtra” kompaniyasi bosh direktori Mikko Lexikoynen bilan uchrashdi. Muloqotda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqbolli loyihalarni tizimli amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv avvalida mamlakatimizda raqamli transformatsiya, aniq dehqonchilik texnologiyalari, hamda zamonaviy texnika yechimlarini joriy etish yo‘nalishlarida “Valtra” bilan o‘zaro tajriba almashish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or yondashuvlar muhokama qilindi.

“Valtra” – dunyo miqyosida tan olingan AGCO korporatsiyasining global brendi bo‘lib, u qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalarini ishlab chiqishda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Kompaniya faoliyati nafaqat dehqonchilik, balki kommunal xo‘jalik, o‘rmon xo‘jaligi, mudofaa va aeroport infratuzilmasi sohalarini ham qamrab oladi.

AGCO korporatsiyasi 2024-yilda 11,2 milliard yevro aylanmaga erishgan bo‘lib, “Valtra” Yevropa bozorida kompaniya daromadining salmoqli qismini ta’minlab kelmoqda.

Suhbat chog’ida vazir har ikki tomon manfaatlariga mos hamkorlik loyihalarini amaliyotga tezroq joriy etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni mamlakat agrar tarmog‘iga jalb etish yo‘lida har tomonlama institutsional va tashkiliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Muloqot yakunida esa tomonlar muhokama qilingan masalalar yechimini ta’minlash, hamkorlik asosida zamonaviy texnikalar ishlab chiqarish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling