Finlyandiya va O‘zbekiston kompaniyalari ikki tomonlama biznesni kengaytirish masalasini muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbning mamlakatimizga tashrifi doirasida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash maqsadida noformal muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda Finlyandiyaning 20 dan ortiq yirik kompaniya va tashkilotlari, jumladan Wärtsilä, Konecranes, Valmet, Metso, Neste va Outotec kabi yetakchi korporatsiyalar hamda “yashil energetika”, raqamli yechimlar, mashinasozlik, suvni tozalash va logistika sohalarida faoliyat yurituvchi innovatsion korxonalar vakillari qatnashdilar.
O‘zbekiston tomonidan Ermak Plus, International Beverages Tashkent, Navruz International, ProCab, New Tone School va TEAM University bilan bir qatorda sanoat, agrosanoat, logistika va innovatsion texnologiyalar sohalaridagi kompaniya va tashkilotlar ishtirok etdilar.
Suhbat davomida qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalar transferi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, shuningdek “yashil iqtisodiyot”, energetika va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida Finlyandiya biznesining O‘zbekiston bozoriga katta qiziqishi hamda ikki tomonlama sanoat, innovatsiya va eksport salohiyatini yana-da rivojlantirishga bo‘lgan umumiy intilish qayd etildi.