Finlyandiya Prezidenti rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bugun rasmiy tashrif mamlakatimizga keldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Jamshid Xo'jayev va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo'lib o'tadi, ularda O'zbekiston bilan Finlyandiya o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko'rib chiqiladi.
O'zaro savdo hajmini oshirish, qishloq xo'jaligi, ekologiya, kimyo, energetika, raqamlashtirish, tog'-kon sanoati va boshqa innovatsion tarmoqlarda kooperatsiyani yo'lga qo'yishga alohida e'tibor qaratiladi.
Mehnat migratsiyasi, madaniyat, ta'lim tizimiga ilg'or texnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlik masalalari ko'rib chiqiladi.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, ko'p tomonlama tuzilmalarda o'zaro qo'llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashiladi.