FIFA JCh-2026 uchun rasmiy o'yin to'pi Triondani taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adidas kompaniyasi "Trionda" nomli futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati uchun rasmiy to‘pni taqdim etdi.
“Trionda” nomi ispan tilidan tarjima qilinganda “uch to‘lqin” degan ma’noni anglatadi. Bu nom birinchi bor uch davlat – Kanada, Meksika va AQSH – birgalikda musobaqani mezbonlik qilayotganini ramziy tarzda namoyish etadi. To‘pning dizayni va innovatsion texnologiyalari musobaqaning tarixiy ahamiyatini o‘zida mujassam etgan.
FIFA prezidenti Janni Infantino quyidagicha izoh berdi:“FIFA Jahon Chempionati-2026 uchun rasmiy to‘p – bu chinakam san’at asari! Men “Trionda“ to‘pini taqdim etishdan xursandman va faxrlanaman. “Adidas” yana bir bor ramziy va texnologik jihatdan mukammal to‘pni yaratdi – bu dizayn uch mezbon mamlakat – Kanada, Meksika va AQSH – ning birdamligini, ishtiyoqini o‘zida ifoda etadi."
Bu go‘zal to‘pning darvozani to‘riga borib tushishini intiqlik bilan kutyapman. Futbol bayrami tobora yaqinlashmoqda – va to‘p endi harakatda!”
“Trionda” to‘pining o‘ziga xos xususiyatlari:
Ranglar uyg‘unligi: Kanada (qizil), Meksika (yashil) va AQSH (ko‘k) ranglaridan ilhomlangan.
To‘lqinli geometrik dizayn: Yangi to‘rt paneldan iborat shakl, to‘lqin effektlarini aks ettiruvchi chuqur choklar orqali havo harakatida mukammal barqarorlikni ta’minlaydi.
FIFA Jahon chempionati kubogiga ishora sifatida oltin bezaklar ishlatilgan.
Yopishqoqlikni oshiruvchi yuzaki ikonlar, ayniqsa nam havoda o‘yin uchun qulaylikni ta’minlaydi. Unga 500 gerts chastotadagi harakat datchigi o‘rnatilgan. Bu texnologiya to‘pning harakatini aniq qayd etib, VAR tizimiga real vaqt rejimida ma’lumot yuboradi, ayniqsa noaniq vaziyatlar, jumladan ofsayd holatlarini aniqlashda yordam beradi.
Trionda uch mamlakat va butun dunyo bo'ylab millionlab muxlislarni birlashtirgan bo'lajak Jahon chempionatining asosiy ramzi bo'ladi.